17:57 / 21.02.2017
9953

Qoraqalpog‘istonda reyd: tabiiy gazni so‘ruvchi nasos moslamalaridan foydalanish holatlari aniqlandi   

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVning 2017 yil 13 fevral kunidagi 20/113-sonli ko‘rsatmasiga asosan «Profilaktika kuni» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

2017 yil 16 fevral kuni Nukus shahri 21-kichik tuman «Tungish qonis» va «Ak otau» MFY hududida o‘tkazilgan «Profilaktika kuni» tadbiriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va Nukus shahar IIB YoXB hamda Nukus shahri 1-sonli XYoXOdan jami 46 nafar xodim, Nukus shahar gaz filialidan va Nukus shahar elektr tarmoqlari korxonasidan 5 nafardan mutaxassis jalb etilib, ular tomonidan kichik tuman hududida joylashgan 50 ta ko‘p qavatli uy va Nukus shahar XTMXMT va TEBga qarashli 3 ta MTM, 1 ta umumta'lim maktabi hamda 1 ta sport maktabining yong‘inga qarshi holati tekshirib chiqildi. Tekshirish va o‘rganishlar jarayonida 2234 nafar fuqaro bilan yong‘inlarni olidini olish va qoidalarga rioya qilish haqida keng turda suhbat va yo‘riqnomalar berildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YoXB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi mayor A.Davletov xabar bermoqda.  

Hududdagi 12 ta tadbirkorlik sub'yektiga tegishli obektlarda ishlovchilar bilan yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Qarovchisi yo‘q, yolg‘iz yashovchi qariya va nogironlar hamda ruhiy kasalliklar dispanserlari ruyxatida turuvchi 24 nafar fuqaro turar joyining yong‘inga qarshi holati tekshirilib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarning joyida bartaraf etilishiga erishildi.

Shu kabi tadbirlar barcha tumanlarda ham tashkil etilib, Respublika hududida mavjud aholi turar joylari va ko‘p qavatli uylarning yong‘inga qarshi holatini tekshirish ishlari kuchaytirilib, shu kuni 8978 ta aholi uyi va 57 ta ko‘p qavatli uyning xonadonlari tekshirib chiqildi. Tekshirishlar jarayonida asosiy e'tibor isitish qozonxonalari va pechlarining sozligiga, dudburonlarining tozaligiga qaratildi. Fuqarolar tomonidan noqonuniy tarzda tabiiy gazni so‘ruvchi nasos moslamalaridan va gaz tarmog‘iga qo‘shimcha tarzda rezina shlanglar ulab foydalanish, uyni isitish maqsadida nosoz va qo‘lbola elektr isitish moslamalaridan foydalanish holatlariga chek qo‘yish maqsadida o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, gaz va elektr xo‘jaliklari xodimlari hamda profilaktika inspektorlari bilan birgalikda aholi uylarida reydlar o‘tkazish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. Reydlar davomida aniqlangan har qanday kamchilik va nuqsonlarni joyida bartaraf etish, yong‘in kelib chiqish ehtimoli bor bo‘lgan moslamalardan va nosoz gaz xamda elektr uskunalaridan foydalanayotgan uy egalari ogohlantirildi, 143 ta nosoz va talabga javob bermaydigan gaz hamda elektr moslamalaridan foydalanishga chek qo‘yildi.

Top