15:33 / 21.02.2017
49099

Oltinko‘lliklar tovuq boqish ortidan nimalarga erishish mumkinligini isbotlashdi

Biror yangi va istiqbolli loyiha boshlansa, ko‘pchilik: “Kimdir yuritib foyda ko‘rsin, so‘ng urinaman”, degan fikrga boradi. Albatta, sinalgan ishning samarasidan voqif bo‘lib, so‘ng boshlagan ham ma'qul.

Imtiyozli kredit hisobiga xonadonida parranda boqishni boshlagan Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi Ko‘makay qishlog‘ida yashovchi Akbarovlar oilasini yo‘qlab bordik.

Uy bekasi Omadxon opa o‘g‘li bilan shinamgina uyi yerto‘lasiga joylashtirilgan tovuq kataklari oldida andarmon, onasiga qarashayotgan Farruxbek esa kataklardan tuxumlarni terish bilan band. Oila tumandagi tijorat banklari tomonidan berilgan imkoniyatdan foydalanib 200 dona zotli tovuq boqishni boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Natijalar esa bir oila uchun juda salmoqli.

- Ikki yuzta tovuqning 90 foizi ozig‘ini ratsion asosida berib tursangiz kuniga tuxum qilar ekan, - deydi Omadxon opa. – Mana bu 130 dona tuxumni hozirgina terib oldik, hali kechgacha yana yig‘amiz. 100 ta tovuqqa kuniga uch mahal 17 kilogramm ozuqani (bir kunda beriladigan donning narxi hozirda 7 ming so‘mga to‘g‘ri kelyapti) 3 mahal bo‘lib  beriladi. Hisoblab chiqsak, oilamizga oyiga o‘rtacha 1 millionga yaqin sof daromad kelar ekan.

Oltinko‘l sanoat kolleji jamoasi muassasaning o‘zida tovuqxona tashkil qilibdi. Bundan ko‘zlangan maqsad - o‘quvchilarga parranda boqishni o‘rgatib, sohaning serdaromad ekanligini amaliy ko‘rsatish. Ta'lim muassasasida 9 foizlik imtiyozli kredit hisobiga donasi 27000 so‘mdan olib kelingan 100 dona tovuq zamonaviy kataklarda parvarishlanmoqda. Tovuqxona iqtisodiyot yo‘nalishidagi dars mashg‘ulotlari uchun esa tayyor va jonli ko‘rgazmali qurol vazifasini ham o‘tayotir.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top