14:08 / 21.02.2017
7700

Savchenko deputatlik daxlsizligidan voz kechdi

Foto: Facebook/Nadіya Savchenko

Ukraina Yuqori radasining fraksiyadan tashqaridagi deputati Nadejda Savchenko deputatlik daxlsizligidan voz kechish haqida qaror qabul qilganini ma'lum qildi.

"Berilgan va'dalardan birinchisi bajarilmoqda: men deputatlik daxlsizligidan voz kechmoqdaman", - deya xabar qilgan Savchenko Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida.

Shu bilan bir qatorda, u tarmoqqa maqsadidan guvohlik beruvchi tegishli hujjatni joylashtirdi. Bayonotda aytilishicha, Ukraina “maydondagi” fojiali hodisalarning uch yilligini nishonlamoqda va siyosatchilar “qadr-qimmat inqilobi” vaqtida kishilarga bergan va'dalarini bajarishlari vaqti kelgan. Shuningdek, deputat hamkasblari, prezident Pyotr Poroshenko va sudyalarni undan o‘rnak olishga chaqirgan.

Bayonot Yuqori radaning tartibga solish va ishlarni tashkillashtirish masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisiga yuborilgan. Savchenko unda, Ukraina konstitutsiyasining 80-moddasiga tayanib, daxlsizlikdan voz kechish haqidagi murojaatini ko‘rib chiqish va parlamentning sessiya zaliga deputatlar muhokamasi va qo‘llab-quvvatlashi uchun yuborish haqida so‘ragan.

Oktyabr oyi oxirlarida Savchenko “Batkivshchina” partiyasidan (yetakchisi – Yuliya Timoshenko) chiqish haqida ariza yozdi. U ushbu partiya ro‘yxati bilan Radaga 2014 yilda saylangandi. 15 dekabr kuni “Batkivshchina” fraksiyasi uni o‘z tarkibidan chetlatdi, 22 dekabr kuni esa Rada deputatni Yevropa kengashi parlament assambleyasidagi mamlakat delegatsiyasi tarkibidan, keyinchalik esa milliy xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha parlament qo‘mitasidan chetlatdi. Savchenko Donetsk va Lugank xalq respublikalariga borib, ularning rahbarlari bilan uchrashgach, salbiy munosabatga duch kela boshladi.

Nadejda Savchenko Donbassda Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi jurnalistlari Igor Kornelyuk va Anton Voloshinning qotilligi hamda chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tishda aybdor deb topilgan. 22 mart kuni Rostov viloyatining shahar sudi uni 22 yilga umumiy tartibdagi koloniya jazosiga mahkum etdi. 25 may kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin halok bo‘lgan jurnalistlarning qarindoshlari iltimosi bilan Savchenkoni afv etish haqidagi farmonga imzo chekdi, shundan so‘ng u Kiyev shahriga samolyotda yetkazildi.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko esa Savchenkoni Ukraina Qahramoni unvoni bilan taqdirladi.

Mavzuga oid
Top