Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti (sobiq Shreder nomidagi ilmiy tadqiqot instituti) hududida bir oy ichida 150 dan ortiq bir asrlik daraxtlar kesib olinib, noma'lum tomonga olib ketildi, deb yozmoqda Nuz.uz nashri.
Nashrning xabar qilishicha, ularga ilmiy-tadqiqot institutining sobiq ishchisi murojaat qilib, qisqa vaqt ichida institut hududida ommaviy ravishda ko‘p yillik chinor, eman, shumtol, yong‘oq va respublikada yagona bo‘lgan kofe daraxti kesib tashlanganini xabar qilgan.


Guvohlarning aytishicha, daraxtlarni kesish yanvar oyi boshida boshlangan bo‘lib, bir oy davom etgan. Nashr kesish ishlari institut bosh direktori tashabbusi bilan boshlangani haqida yozgan. Har dam olish kunlari institut hududida ko‘plab ishchilar va texnika ishlagan, ammo buni hech kim payqamagan. Institut ishchilarining o‘zi Prezident qabulxonasiga telefon qilishgan va “o‘rmonni kesib tashlashayotgani” haqida xabar berishgan. Shikoyat tabiatni asrash qo‘mitasiga yuborilgan. Ko‘rsatilgan joyga chiqqan tekshiruv guruhi manzilni topa olmagan. Shundan so‘ng hech kim bunga e'tibor bermagan.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib ro‘y berayotgan holat haqida “veteranlar” – afsonaviy institutning ayni damda nafaqada bo‘lgan sobiq xodimlari xabar topishgan. Aynan ular bu bilan kurash boshlashgan. Taxminan 10 nafar faol davlat rahbari qabulxonasiga kollektiv shikoyat yuborishadi hamda bir oy ichida ilmiy-tadqiqot institutida ro‘y bergan narsalar haqida batafsil ma'lumot berishgan. Bu vaqt davomida esa ozmuncha ishlar ro‘y bermadi – turli tur va hajmdagi 150ga yaqin daraxt kesib tashlandi. Yuzlab kub metr o‘tin esa, institut xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Andijon viloyati davlat raqamlariga ega yuk mashinalarida olib chiqib ketilgan.

Kavlab olingan daraxt to‘nkalaridan katta chuqurlar qolgan. Kavlanmagan to‘nkalar fotosuratidan kesib tashlangan daraxtlarning mutlaq sog‘lom bo‘lganini ko‘rish mumkin.





















