20:26 / 23.02.2017
12301

«Venesuelalik chang‘ichi» hammani kuldirdi (video)

Finlyandiyaning Laxti shahrida o‘tayotgan chang‘i sporti turlari bo‘yicha jahon chempionatida tomoshabinlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini venesuelalik chang‘ichi Adrian Solano rosa kuldirdi. Solanoga "dunyodagi eng yomon chang‘ichi" deb nom berishga ham ulgurishdi.

YouTube’da Solano musobaqalarda chang‘ida go‘yoki biror marta ham turmagandek harakatlangani videosi paydo bo‘ldi. U musobaqa davomida muvozanatini ushlay olmagan va muntazam yiqilib tushavergan va oqibatda o‘tilishi kerak bo‘lgan masofaning yarmidan chiqib ketgan.

Eurosport kanali beso‘naqay Solanoni mashhur Charli Chaplinga qiyoslagan.

"2017 yilning eng yaxshi videosi uchun rasmiy nomzod", deb hazil qilgan Giulia Cicchine taxallusli foydalanuvchi tvitterda.

"Umid qilamanki, siz chang‘ida uchganingizda bu yigitchalik yomon uchmasangiz kerak", deb yozgan yana bir foydalanuvchi.

"Bi-bi-si" telekanalining ma'lum qilishicha, Solano bu poygagacha haqiqatan ham biror marta chang‘i kiymagan va qorda uchmagan. U faqatgina maxsus roliklarda mashq qilgan.  

Uning aytishicha, u bir oy Skandinaviyada mashq qilishi kerak bo‘lgan, biroq politsiya bilan muammo sababli belgilangan joyga o‘z vaqtida yetib bora olmagan. 

"Men Parijga 19 yanvarda kelganimda Shvetsiyaga mashg‘ulotlarga ketayotganimni aytganman. Biroq u yerda men venesuelalik chang‘ichi ekanligimga hech kim ishonmagan", deb eslamoqda bo‘lgan voqealarni chang‘ichi.

Top