09:56 / 23.02.2017
9047

Nyu-Yorkda Churkin bilan vidolashishdi

Nyu-Yorkda 300 dan ko‘proq rossiyalik va xorijiy diplomat Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan marhum Vitaliy Churkin bilan vidolashish marosimiga keldilar, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.  

"300 dan ko‘proq rossiyalik va xorijiy diplomat Nyu-Yorkdagi motam marosimda Churkin bilan vidolashgani keldilar", deb ma'lum qildi Rossiya diplomatik missiyasi. 

Motam marosimida Churkinning bevasi Irina Churkina va uning o‘g‘li Maksim, Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak, AQSh va Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakillari Nikki Xeyli va Qayrat Umarov, Churkinning o‘rinbosarlari  Petr Ilichev va Vladimir Safronkov hamda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish nutq so‘zladilar.

Guterrish Churkinning Xavfsizlik kengashidagi "benuqson obro‘si" va hamkasblari orasida katta hurmatga ega bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. 

"Agar jannatda odamlar ishlashi kerak bo‘lsa, menimcha Tangri uni diplomat qilib tayinlaydi", deb aytdi Gutterish. 

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili lavozimini 2006 yil 8 apreldan egallab kelgan Vitaliy Churkin 20 fevralda, 65 yoshiga bir kun qolganda vafot etdi.

21 fevralda BMT Xavfsizlik kengashi Churkin xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlagan. 23 fevralda Nyu-York vaqti bilan soat 18:00da Rossiyaning AQShDagi elchixonasida Churkin xotirasiga ta'ziyalar kitobi ochiladi.  

Mavzuga oid
Top