23:20 / 23.02.2017
8708

Toshkent moliya institutida imkoniyati cheklangan bolalarga bag‘ishlab xayriya aksiyasi o‘tkazildi

Toshkent moliya institutida 2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy himoyalash maqsadida “Inson – hayot gultoji!” shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi. 

Aktsiya doirasida “Byudjyet hisobi va davlat jamg‘armalari” fakulteti dekanati va talaba-yoshlari bilan birgalikda poytaxtning bir qator muruvvat uylari, imkoniyati cheklangan o‘quvchi-yoshlar tahsil oluvchi kasb-hunar kollejlari va ixtisoslashtirilgan maktablarga tashrif uyushtirildi. 

Mazkur loyihaning yakuniy bosqichi Toshkent moliya institutining tadbirlar zalida o‘tkazildi. Unga respublika miqyosidagi muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, zaif eshituvchilar ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari, hamda imkoniyati cheklangan yoshlar ixtisoslashgan kasb-hunar kolleji o‘quvchilari va tarbiyalanuvchilari taklif etilib, konsert dasturi tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy Akademik Drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Ra'noxon Yarasheva va aktrisa Dilnoza Kubayeva, O‘zbekiston Xalq hofizi Orolmirzo Safarov, 2016 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan parolimpiya o‘yinlarida sportning dzyudo turi bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib g‘oliblik sovrinlari qatoriga 2 ta oltin medal olib kelgan sportchi O‘zbekiston iftixori Nig‘matov O‘tkir Ismatullayevich hamda Namozov Sherzod Nasimovichlar ishtirok etdilar. 

“Inson–hayot gultoji!” shiori ostidagi xayriya aksiyasi asosida imkoniyati cheklangan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalari va bellashuvlarda ishtirok etib yuqori natijalarni qayd etgan kollej yoshlari  Toshkent moliya instituti tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Top