19:50 / 24.02.2017
41214

Zo‘raki vahima: "Motorlarni tezroq berkit, gaz idorasidan tekshiruvchilar keldi"

Tahririyatimizga O‘zbekistonning turli chekkalaridan maktublar kelishi davom etmoqda. Ana shunday maktublardan birida tabiiy gaz masalasi tilga olinadi. Gap shundaki, Andijon viloyatining Jalaquduq tumani “Namuna” MFYda yashovchi aholiga tabiiy gaz o‘tkazib berilgan. Ammo odamlarning gaz so‘ruvchi motorlardan foydalangani bois gaz oqimi pasaygan yoki umuman yo‘qolgan. Mahalla faollari bu masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga, jumladan, tuman gaz idorasiga murojaat qilishgan. U yerdan mahallaga tekshiruvchilar kelishgan. O‘zini Ilhom deb tanishtirgan xodim: “motor ishlatayotganlar butun mahallaning gaz pulini to‘lab qo‘yishibdi, ishlatishlariga haqlari bor”, deb javob bergan. 

“Motor qo‘ymagan odamlar endi umrbod gaz ko‘rmay o‘tib ketishadimi?”, deb yozadi maktub egasi. Ma'lumotlarga ko‘ra, elektr bo‘lganda gaz o‘chadi, chunki bu paytda gaz so‘ruvchi motorlar ishlayotgan bo‘ladi. Agar elektr energiyasida uzilish bo‘lsa, motorlar ham o‘chadi va gaz kelishi yaxshilandi. Gaz taqsimotida ham xato yondoshilgani, qo‘shni mahallalarda gazning ko‘pligidan uning hidi chiqib yotishi aytiladi maktubda.

Mazkur masala yuzasidan Jalaquduq tuman hokimligi bilan bog‘langanimizda, u yerdagilar gaz so‘ruvchi motorlarni ishlatish qonunga xilof ekanligini aytishdi. Oradan ma'lum bir vaqt o‘tib, Jalaquduq hokimiyati vakili biz bilan bog‘landi. Uning aytishicha, mazkur mahallada tekshirish ishlari olib borilgan. Mazkur chora-tadbirlar natijasida ushbu mahallada noqonuniy gaz so‘ruvchi motorlardan foydalanilayotgani aniqlangan. Buni qarang-ki, ayrimlar tekshiruvlarga qarshilik ko‘rsatib, hokimiyat vakillarini, Yong‘in xavfsizligi va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlarini xonadoniga kiritishmagan.

Olib borilgan tekshiruvlarda uchta ko‘chadan uchta gaz so‘ruvchi motorlar topilgan. Xonadon egalariga qonunchilikda ko‘rsatilgan holda jarima belgilangan. Bu paytda boshqalar o‘z motorlarini yashirishga ulgurishgan. Biz bilan bog‘langan hokimiyat vakilining so‘zlariga ko‘ra, olib qo‘yilgan motorlar tufayli mahalladagi gaz miqdori yaxshilangan. Buni aholi o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, amin bo‘lgan.

Shu o‘rinda chekinish qilsak... Barcha termit deb atalmish hashorat turini yaxshi biladi. Qayerdan yaxshi biladi? Zararkunandaligidan, albatta. Ular bir joyga to‘planib olgancha, o‘sha yerga zarar keltirib, yeb bitirib, so‘ng boshqa joyga o‘tishadi. Afsuski, jamiyatimizda ana shunday termitga o‘xshagan odamlar yo‘q emas. Natijada qonunlarga amal qilib kelayotgan, o‘z huquq va burchlarini ado etayotgan fuqarolar ana o‘shalar hisobiga zarar ko‘radi.

Qolaversa, dinu diyonat degan narsalar bor. Birovning haqini yeyish, qo‘shnining dilini og‘ritish, jamiyatga, davlatga moddiy talofat yetkazish juda qattiq qoralangan. Qo‘ni-qo‘shnichilik urf-odati o‘zbeklarda qadriyat darajasiga chiqqan holatdir. Qo‘shnining haqiga xiyonat qilish, degan tushuncha odamlar qalbiga, hayotiga shu darajada kirib boryaptiki, uyat, andisha kabi tuyg‘ulardan asar ham qolmayapti. Bundan tashqari, odamlarning jipsligi, bir-birini hurmat qilishi jamiyatni mustahkamlamaydimi? 

Davlatga, jamiyatga bo‘layotgan ziyonchi? Yana bir daxshatli savol o‘rtaga chiqadi: biz chet elliklar tili bilan aytganda “Apokalipsis” zamonida yashayapmizmi-ki, ochdan o‘lar holatda gaz so‘ruvchi motorlardan, hisoblagich o‘rnatmasdan elektr energiyasidan foydalanamiz, umuman olganda, qachongacha o‘zimizni termitlardek tutamiz. Axir shu Vatan, shu yurt barchamizniki emasmi?

Sarvar Anvar o‘g‘li

Top