21:50 / 24.02.2017
10095

Murojaat: Olmazor tumanidagi yo‘llar uzoq yillardan beri ayanchli ahvolda

Kuni kecha Facebook ​foydalanuvchilaridan biri, O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining kafedra mudiri Nargis Qosimova o‘z sahifasida poytaxt yo‘lidagi muammoli holat haqida post qoldirdi.

Unda yozilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumani 1/2 va 1/3 dahalari ichidagi yo‘llarning ahvoli ayanchli holatda ekani ta'kidlangan. 233 maktab atrofidagi yo‘llar va 1/3 dahadagi ikkita bog‘cha o‘rtasidagi yo‘llar ham umuman talabga javob bermaydi.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli binolar orasidan o‘tuvchi yo‘llar ham anchadan beri ta'mirga muhtojligi aytib o‘tilgan. Mazkur yo‘llar asosiy hisoblanib, unda aholi nafaqat shaxsiy avtomobilida harakatlanganda, balki piyoda yurganida ham katta muammolar va ko‘ngilsizliklarga duch kelayotganini alohida qayd etish lozim.

«Olmazor tumanining Qichqiriq mahallasidagi yo‘l xuddi tog‘ tepaligiga o‘xshaydi. Men bu yerda 2004 yildan beri yashab kelaman. Bu holat mana 13 yil davomida shu ahvolda. Qishda loy va chuqurliklar nafaqat kattalar, balki bolalar qatnovini xam qiyinlashtirmoqda. Yo‘lning nosozligiga kim javob beradi? U tufayli shikastlangan avtotransport badalini kim to‘laydi?» – deydi Nargis Qosimova o‘z murojaatida.

Mazkur muammo yuzasidan tegishli mutasaddi organlar qat'iy choralar ko‘rishini so‘rab qolamiz. Zero, yo‘llar farovonligi - hayotiy faollikning asosiy garovidir.

Mavzuga oid
Top