O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida yangi qurilayotgan obektlar, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ishlab chiqarish korxonalari loyihalarini ko‘zdan kechirmoqda. 

Davlat rahbari Qarshi tumanida yengil sanoatni rivojlantirish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi. 

Prezidentga ko‘rsatilgan birinchi loyiha – 2017-2019 yillarda viloyatda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur bo‘lib, unda 17 korxona tashkil etish rejalashtirilgan. 

“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda qator tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan dastur doirasida 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda viloyatda 7 to‘qimachilik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar hududda yetishtirilayotgan paxta tolasining 10 foizini qayta ishlash quvvatiga ega. 

Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “LT Tekstil Interneyshnl” O‘zbekiston – Xitoy–Niderlandiya qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Qashqadaryo viloyati mamlakatimizda paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallashi, bu imkoniyatdan unumli foydalanish, yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot chiqarish katta samara berishini alohida qayd etdi. 

Mazkur korxonaning ishga tushirilishi hududda yetishtirilayotgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, aholining real daromadlarini oshirish imkoniyatini yaratadi. 

Yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi. 

Prezidentimiz shu yerning o‘zida Yakkabog‘ tumanidagi sobiq “Yakkabog‘ teks” korxonasi negizida barpo etilayotgan “Universal Taraqqiyot Tekstil” qo‘shma korxonasiga qo‘shimcha investitsiya kiritish loyihasi bilan ham tanishdi. 

Korxonada viloyatda yetishtirilgan paxta tolasi qayta ishlanib, mato va choyshablar ishlab chiqariladi. 400 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilayotgan korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 6 million kvadrat metr mato, 2 million juft yotoq choyshablari tayyorlanadi.