O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

“Nishon ko‘zgu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Qarshi shahrida chorva mollarini avtomatizatsiyalashgan kushxona, go‘shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatilgan. 

Ushbu loyiha iqtisodiy samaradorlik bilan birga ulkan ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Zamonaviy kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi hamda xavfsizligini ta'minlaydi. 100dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 

Davlat rahbari bunday kushxonalarni barcha hududlarda tashkil etish, veterinariya va sanitariya xizmatlarini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash zarurligini ta'kidladi. 

Yakkabog‘ tumanida tashkil etilayotgan “Qorabayir otchilik majmuasi” xo‘jaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorlarga sotiladi. Qirqdan ortiq kishi ish bilan ta'minlanadi. 

Qorabayir otlari milliy iftixor ekani, ularni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. 

Davlat rahbari avval Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasini ko‘zdan kechirdi. 

Ikki ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksi nafaqat viloyat, balki mamlakatning boshqa hududlari aholisini ham go‘sht va sut bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan loyihani kelgusi yilning birinchi choragida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 750 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu yerda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna go‘sht yetishtirish, 140 ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. 

Prezident chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan mahsulotni shu yerning o‘zida qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi.