08:34 / 24.02.2017
39891

U mastlikda o‘ziga o‘t qo‘ydi: kimdir jahl ko‘rdi, kimdir jabr...

Joriy yilning 18 fevral kuni tungi soat ikkilar atrofida Xorazm viloyati Xiva tumani YHXB inspektorlari tomonidan fuqaro Bobojonov boshqarib ketayotgan avtoulov to‘xtatiladi. Hech qanday hujjatlarsiz mashina boshqaruviga o‘tirgan Bobojonov ustiga ustak qattiq mast ham bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ning Xorazm viloyati hokimiyatidagi manbasi xabar bermoqda.

Natijada Bobojonovga tegishli bo‘lgan avtoulov belgilangan qonunga muvofiq tegishli ravishda rasmiylashtirilib, jarima maydoniga olib borib qo‘yiladi. Shu kuni tongda, aniqrog‘i, soat to‘qqizlar atrofida Bobojonov tuman ichki ishlar bosh boshqarmasi binosi yoniga borib, ustiga benzin sepadi va o‘ziga o‘t qo‘yadi. Sud ekspertizasining bayonotiga ko‘ra, u bu ishni ham mastlikda amalga oshirgan.

Xiva tumani hokimligidagi manbaning ma'lumot berishicha, mazkur vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103-moddasi – “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bobojonovning salomatligi ayni damda og‘irligicha qolmoqda.

Ichkilik – insonning dushmani ekanligi, bir kunmas bir kun uni sharmanda qilishi, kerak bo‘lsa, o‘lim yoqasiga olib kelishi borasida necha zamonlardan beri aytib kelinadi. Televideniya, radio, matbuot va internet orqali jonli misollar vositasida misollar keltiriladi. Ammo nafs yo‘lida yuradigan, irodasi zaif yoki ichkilik ichmasa, go‘yoki erkak bo‘lmay qolishidan cho‘chigan olifta kimsalar alaloqibat mana shunday fojiaga duch kelishadi. O‘zi-ku mayli, ammo oila, qarindosh-urug‘ va yoru-do‘stlarining ham yuzini yerga qaratishadi.

 

Top