12:47 / 25.02.2017
25673

Mudirning qilmishi fosh etildi

Chorvachilik – sermahsul soha. Uni rivojlantirish orqali aholining sut, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, daromadini oshirish mumkin. Qolaversa, inson organizmi uchun zarur bo‘lgan vitamin va komponentlar sut va go‘sht mahsulotlari tarkibida juda yuqori ekanligi tibbiyotda ham o‘z isbotini topgan. Shuning uchun ham mamlakatda barcha sohalar qatori mazkur sohani rivojlantirishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. 

Shuni ta'kidlash joizki, chorvachilikda sifat va mahsuldorlikka erishishda ozuqa-yem ta'minoti muhim o‘rin tutadi. Negaki, chorva me'yorda belgilangan ozuqa bilan ta'minlamasa, bu kutilgan natijani bermaydi. Shuning uchun ham respublikamizning barcha hududlarida aholi chorvasini ozuqa-yem mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida “ozuqa-yem ta'minoti” jamiyatlari tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan respublikaning barcha hududlaridagi aholi chorvasi uchun yem mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Ammo ushbu tizimda ham ayrim kimsalar borki, ular aholi chorva mollari uchun ajratilgan yem mahsulotlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqdalar.

“Huquq” gazetasining yozishicha, “Sirdaryo ozuqa-yem ta'minoti” MChJning Guliston tuman filialiga qarashli aholiga ozuqa-yem sotish shoxobchalari mudiri lavozimida ishlagan Alimardon Azizov shunday shaxslardan ekan. U o‘tgan yilning fevralidan may oyigacha bo‘lgan vaqtda MChJ tomonidan aholiga belgilangan tartib asosida sotish uchun ajratilgan 4850 kg. shrot, 12560 kg. sheluxani o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qiladi. “Tuya ko‘rdingmi, yo‘q” qabilida yemlarni o‘zi bilgancha narxlarda sotib, foydasini cho‘ntakka urib ketavergan shoxobcha mudirining qing‘ir faoliyati uzoqqa bormadi. Qisqa vaqt ichida A.Azizovning qilmishlari huquq-tartibot idoralari tomonidan fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston tuman sudi tomonidan bu shaxsga nisbatan tegishli jazo tayinlandi. 

Top