16:44 / 25.02.2017
19942

Turkmanistonda Ravon avtomobillarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Ravon brendi bilan xorijga eksport qilinayotgan o‘zbek avtomobillari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar bermoqda. U "O‘zavtosanoat" AJ va "Turkmaniston" davlat savdo markazi hamkorligidagi "Turkman-O‘zAvto" xo‘jalik jamiyati tomonidan tashkil etildi. 

Marosimda yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi "GM Uzbekistan" AJ, Isuzu yuk mashinalari va avtobuslari ishlab chiqaruvchi "SamAvto" MChJ, MAN brendi ostida yuk mashinalari, maxsus texnikalar va pritseplar ishlab chiqaruvchi o‘zbek-nemis qo‘shma korxonasi rasmiy vakillari ishtirok etdilar. Taqdimotga avtomobilsozlik sohasi vakillari, diplomatik missiyalar rahbarlari va avtoishqibozlar ham taklif etildi.

Unda Ravon Gentra, Ravon Nexia R3 va Ravon R4 modellari namoyish etildi. Ishlab chiqaruvchi kompaniya vakili avtomobillar jahon standarti va ekologik talablarga javob berishi, konditsioner, rul gidrokuchaytirgichi bilan jihozlangani, tejamkorligi va boshqa xususiyatlari haqida axborot berdi. 

Taqdimotda shuningdek, qishloq xo‘jaligi, qurilish, kommunal xizmatlar sohalari uchun mo‘ljallangan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtotexnikalar ham namoyish etildi. "Turkman-O‘zavto" xo‘jalik jamiyati "GM Uzbekistan" AJning distribyutori hisoblanadi. 

Jamiyat o‘tgan 10 yillik faoliyati davomida jamiyat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ikki mingga yaqin Chevrolet va Uz-Daewoo avtomobillarini sotgan.

Top