07:42 / 01.03.2017
4001

BMT Mo‘sul g‘arbidan ikki kun ichida 13 ming kishi qochganini ma'lum qildi

BMT 28 fevralda Iroq hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shinlar IShID jangarilariga qarshi operatsiya olib borayotgan G‘arbiy Mo‘suldan qochqinlar soni keskin oshganini ma'lum qildi. Jurnalistlarga BMTning rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning ma'lum qilishicha, oxirgi kunning o‘zida shaharning g‘arbiy hududlarini deyarli 13 ming kishi tark etgan.

"G‘arbiy Mo‘sulni tark etgan tinch aholi soni harbiy operatsiya shaharning aholi zich joylashgan hududlariga yetgandan keyin keskin oshib ketdi. 19 fevraldagi operatsiya boshlangandan keyin G‘arbiy Mo‘sulni 16,5 ming kishi tark etgan, oxirgi ikki kun ichida bu miqdor 12,7 ming kishiga oshgan", deb aytdi Dyujarrik. Uning aytishicha, BMTda yaqin kunlarda qochqinlar soni ancha oshishidan xavotir bildirilmoqda.

BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Mo‘sulni tark etayotganlarning ko‘pi Hamam al-Alilga yo‘l olmoqdalar. U yerda qochqinlar xavfsizlik kuchlari xodimlari tomonidan so‘roq qilinib, so‘ngra qochqinlar lageriga joylashtirilmoqdalar va ularga zaruriy yordam ko‘rsatilmoqda. Qochqinlar soni oshayotgani sababli gumanitar tashkilotlar Iroq hukumati bilan birgalikda ularga yangi vaqtinchalik yashash markazlari barpo qilmoqdalar. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, shaharda harbiy operatsiya boshlangandan beri uni 170 mingdan ko‘proq odam tark etgan. 

Top