12:05 / 01.03.2017
5937

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 10 foizga tushib ketdi

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida mahsulot ayirboshlash hajmi o‘tgan yilda 223 million dollarni tashkil etdi. Bu 2015 yil bilan taqqoslaganda 9,5 foizga kamroqdir, deb xabar berdi Ukraina diplomatik missiyasi rahbari Yuriy Savchenko matbuot anjumanida. Bu haqda Sputnik yozmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmining pasayishiga sabablar hamon o‘sha-o‘sha – Ukraina mahsulotlarining Rossiya hududi orqali tranzitidagi qiyinchiliklar, iqtisodiy inqiroz va mamlakatdagi qurolli mojaro. Diplomatning Ukraina statistikasiga asosan ta'kidlashicha, bir yil davomida Ukrainadan O‘zbekistonga tovar va xizmatlar eksporti 147,9 million dollarni tashkil etdi hamda 18,6 foizga pasaydi. Shu bilan birga, o‘zbek tovar va xizmatlarining Ukrainaga importi 75 million dollardan ko‘proqqa teng bo‘ldi hamda 15,7 foizga o‘sdi. Ukraina uchun bu davrdagi ijobiy saldo 72,8 million dollarni tashkil qildi.

Savchenkoning aytishicha, o‘tgan yilda Ukrainaning O‘zbekistonga eksportida farmatsevtika mahsuloti, qog‘oz va karton, yadroviy reaktorlar, qozonxonalar, mashinalar, qora metallar va undan tayyorlangan mahsulotlar, noqimmatbaho metallar, sut va go‘sht mahsulotlari hamda boshqa oziq-ovqat tovarlari yetakchilik qilgan. O‘z navbatida, Ukraina rux va undan tayyorlangan mahsulotlar, plastmassa, polimer mahsulotlar, paxta, tekstil, tamaki va uning sanoatdagi o‘rnini bosuvchilar, o‘g‘it, yong‘oqlar, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni import qilgan.

Elchi sarmoyaviy sheriklikka to‘xtalib, Ukraina iqtisodiyotiga o‘tgan yilda o‘zbek investitsiyalari 1,2 million dollardan oshganini ta'kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, bu mablag‘larning katta qismi chakana-ulgurji savdo sohasidagi loyihalarga, shuningdek avtotransport vositalari va mototsikllarni ta'mirlashga yo‘naltirilgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonga bo‘lgan Ukraina investitsiyalari hajmi esa atigi 350 ming dollarni tashkil qilgan. 

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, 2016 yilda O‘zbekiston tashqi savdo hajmi bo‘yicha jahondagi barcha davlatlar o‘rtasida 60- hamda MDH mamlakatlari orasida 7-o‘rinni egalladi.

Top