Fan-texnika | 14:53 / 02.03.2017
10926
2 daqiqa o‘qiladi

Eng yaxshi avtomobillar ro‘yxatida nemis markalari yetakchi

Volkswagen AG’ga tegishli bo‘lgan Audi boshchiligidagi nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilari Consumer Reports jurnali tomonidan e'lon qilingan reytingning yuqori o‘rinlaridan joy olishdi. 

Amerika jurnalining bo‘linmasiga rahbarlik qiluvchi Jyeyk Fisherning ma'lum qilishicha, nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilari katta ishonchlilik tufayli o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashgan.

"Bir yoki ikkita yaxshi avtomobilni yaratish mumkin, biroq ajoyib mashinalarning to‘laqonli model qatorini yaratish ancha mushkul", - dedi u.

Reytingda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Volkswagen bo‘linmasi Porsche hamda uning raqobatchisi BMW AG qo‘lga kiritishdi. General Motors Co Buick brendi 10-pog‘onani egallab, Amerika avtomobillari orasida eng baland natijani qayd etdi. Ford Motor Co brendi esa 16-o‘rindan 21-pog‘onaga tushib ketdi.

GM Chevrolet brendi 17-o‘ringa, Cadillac esa 24-pog‘onadan 18-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Toyota Motor Corp brendi esa so‘nggi yillarda ilk bora ro‘yxatning birinchi o‘nligidan chiqib ketdi hamda 11-o‘rinni egalladi.

Tesla Inc sakkizinchi o‘rinda qayd etildi. So‘nggi o‘rinni esa yana Fiat qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Jeep undan bir pog‘ona yuqori o‘rinni egalladi. Consumers Report iste'molchilarning fikr-munosabatiga asoslangan holda turli tovar va xizmatlarni o‘rganish natijalarini chop etuvchi Amerikaning nufuzli jurnalidir. 

 

Mavzuga oid