Davlat notarial idoralari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 fevraldagi 106-son “Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish, ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi bo‘yicha yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek notarial harakatlarni amalga oshirishda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini amalga kiritish haqidagi taklifiga rozilik berildi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Ko‘chmas mulkni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda notarial tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash Toshkent shahrida – 2017 yil 1 iyuldan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida – 2018 yil 1 iyuldan boshlab amalga oshirilishi belgilandi.
Qayd etish lozimki, qonun hujjatlariga muvofiq ko‘chmas mulklarning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlashda jismoniy va yuridik shaxslar soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyadan qarzdorlik yo‘qligi haqidagi ma'lumotnomalarni, shuningdek, kadastr xizmatining bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishi lozim. Ushbu ma'lumotlarni yig‘ish uchun turli tashkilotlarga borgan holda fuqarolar ko‘p vaqt sarflaydi. Bunda ushbu ma'lumotnomalarni olish uchun kommunal xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa tashkilotlarga shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, uy hujjatidan ko‘chirma, kvartira ichidagi issiqlik ta'minoti tizimining tekshirish dalolatnomasi va boshqa shu kabilar taqdim etilishi lozim.

















