Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qarorga asosan Mo‘ynoq tumani geografik joylashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, tabiiy iqlim sharoiti va resurslari hamda aholining talablarini hisobga olgan holda, tumanda 2017-2018 yillarda umumiy qiymati 52,3 mlrd. so‘m, jumladan 990 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan 72ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1343ta yangi ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan. Jumladan:
- Sanoat yo‘nalishida 28ta loyiha (30,2 mlrd.so‘m, 990 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya) bo‘yicha 958ta yangi ish o‘rni;
- Xizmat ko‘rsatish, servis va turizm yo‘nalishida 28ta loyiha (17,2 mlrd.so‘m miqdorida investitsiya) bo‘yicha 282ta yangi ish o‘rni;
- qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida 16ta loyiha (4,9 mlrd.so‘m miqdorida investitsiya) bo‘yicha 103ta yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, tumanga investorlarni kengroq jalb qilish va tadbirkorlarga yangicha yondashuv asosida qulayliklar yaratish maqsadida:
- Mo‘ynoq tumanidagi sobiq “Mo‘ynoq baliq konserva kombinati” hududida 16 gektar va sobiq 5-qurilish boshqarmasi hududida 4,5 gektar, jami 20,5 gektar maydonda elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, suv hisoblagichlari, suv quvurlari, tayyor trikotaj, tikuvchilik va boshqa zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasini barpo etish;
- “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasida yangi tashkil etiladigan va uning maydonida sanoat sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub'yektlari barcha turdagi soliqlardan;
- tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat'iy belgilangan soliqdan;
- tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan ta'sischilarga to‘lanadigan dividendlar tazidagi daromadlar soliqdan 10 yil muddatga ozod qilinishi belgilandi.
Shu bilan birga, mazkur hujjatda Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida kreditlar ajratish nazarda tutilgan.








