19:57 / 02.03.2017
17099

Toshkent aeroporti bojxona xodimlari tomonidan 2 kilogrammdan ortiq tilla buyumlari musodara qilindi

Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga oid bir nechta qonunbuzarlik holatlari fosh qilindi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

“Toshkent-Dehli” yo‘nalishidagi parvoz oldidan samarqandlik J.Ahadov 11,5 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi 180 gr. tillani yashirin yo‘llar bilan olib chiqishning antiqa yo‘lini tanladi. Uning shimi tugmalari yasama tarzda oltindan quyilgani va bojxonachilarni chalg‘itish maqsadida ustidan bo‘yalgani aniqlandi.

Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarini bojxona nazoratidan chetlab olib o‘tishning jirkanch usulini tanlagan, ya'ni ularni ichki a'zolariga bekitgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan bir qator ayollarning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi.

Jumladan, “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan Sh.Mamatkulova dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra qiymati 3 mln. 300 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan 54 gr.dan ortiq zargarlik buyumlarini xuddi shu usulda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Shaxsiy ko‘rikdan o‘tish davomida bojxonachilar va xolislar qarshisida uyalib qolganlardan yana biri – X.Axmedovadir. Ushbu shaxs ichki a'zolariga yashirgancha qiymati salkam 5 mln. so‘mlik 60 gr.dan ortiq zargarlik buyumlarini Bokuga olib chiqishni rejalashtirgan ekan.

Hindistonga yo‘l olgan D.Xodjibekova va uning singlisi D,Musabekovalar ham bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, yirik miqdordagi quyma tillalarni ichki a'zolariga yashirgancha olib chiqayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish davomida D.Xodjibekova og‘irligi 298 gr.ga teng 3 dona quyma tillalar, D,Musabekova esa 253 gr. og‘irlikdagi 3 dona quyma tillalarni noqonuniy ravishda olib chiqishga uringani ma'lum bo‘ldi.

Bu ham yetmaganidek, ushbu shaxslar kartoshka chipslari va yarim tayyor ugra qadoqlari hamda mahsilarning ichiga yashirgancha 2 turdagi 630 qutidan ortiq sigaretlarn ham olib chiqishayotgan ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2016 yilda 138 ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlangan bo‘lib, natijada qiymati 2,5 mlrd. so‘mlik 41 kg.dan ortiq tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldi olindi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa mazkur yo‘nalishda 20 ta qonubuzarlik holatlari fosh qilinib, qiymati 93,4 mln. so‘mlik 2 kg. 200 gr.dan ortiq tilla va zargarlik buyumlarining yashirincha olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Mavzuga oid
Top