17:25 / 03.03.2017
30631

Foto: Andijonda 1,5 yoshga to‘lmagan qizchasini Qirg‘izistonga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

27 fevral kuni taxminan soat 10:30da Andijon viloyati bojxona boshqarmasi «Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi» xodimlari tomonidan olingan tezkor ma'lumotga asosan Andijon viloyati, Shahrixon tumani, Yangi bog‘ mahallasi hududida «Odam savdosiga qarshi kurashish» yo‘nalishi bo‘yicha tezkor tadbir olib borildi. Tezkor tadbirga «maxsus xaridor» sifatida N. ismli shaxs jalb etilgan. Bu haqda «Kun.uz»ga Andijon viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Farxod Karimov xabar berdi.

Ushbu holat bo‘yicha Qorako‘z ismli qizaloq onasidan olinib, xolislar ishtirokida viloyat mehribonlik uyiga belgilangan tartibda topshirilgan. Tadbir davomida aniqlanishicha, O‘zbekiston respublikasi fuqarosi bo‘lgan, Buloqboshi tumanida yashovchi Gulchiroy Barnoyeva (ismlar o‘zgartirilgan) 2017 yilning 26 fevral kuni «maxsus xaridor» bilan ko‘rishib, unga o‘zining 2015 yil 19 oktabrda tug‘ilgan Qorako‘z ismli qizini 20 million so‘mga sotmoqchi ekanligini aytgan. Biroq, «xaridor» o‘zida buncha mablag‘ yo‘qligi uchun kelishilgan pulning yarmini tanishlaridan 27 fevral kunigacha yig‘ib berishini, qizaloqning hujjatlari tayyor bo‘lgach esa qolgan summani berishini aytadi. Barnoyeva rozi bo‘lib, qizining shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjat yo‘qligini ma'lum qilgan. Suhbat orasida xaridor qizaloqni qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidagi yaqin qarindoshlari oldiga olib chiqib ketishini va qo‘shni davlatda bolalarga hujjat tayyorlash ishlari yengil ekanligini aytib, bolani o‘sha yerdagi qarindoshlari uchun sotib olayotganini bildiradi. Barnoyeva shunda ham murg‘ak farzandini sotishdan qaytmaydi. Ikki tomonning uzoq muzokaralaridan so‘ng bolaga 18 million so‘m narx belgilanadi.

«Mushtipar ona» kelishilgan pullarni sanab olganidan so‘ng tezkor xodimlar tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi. 

Mazkur holat yuzasidan 2017 yil 27 fevral kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan fuqaro Barnoyevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasi  3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top