20:43 / 03.03.2017
4773

Fransiya prezidentligiga nomzod Fiyon shtabida tartibsizlik yuzaga keldi

Foto: EPA

Fransiya prezidentligi uchun respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lmish Fransua Fiyonning matbuot kotibi Terri Soler iste'fo berdi. Bu haqda Politico xabar tarqatgan.

Bundan oldinroq, Fiyon o‘ziga nisbatan rasman tergov boshlanganiga qaramasdan saylovoldi poygasini tark etmasligini ma'lum qilgandi.

Shu haftada Fiyonning xorijiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi ham shtabni tark etgandi.

O‘tgan oy boshida Le Canard enchaîné nashrining bir qator maqolalaridan so‘ng Fiyonning soxta ish o‘rinlari yaratish yo‘li bilan davlat mablag‘larini o‘zlashtirganligi ehtimoli bilan bog‘liq mojaro yuzaga kelgandi.

Nomzodning rafiqasi Penelop Fiyonga nisbatan tergov harakatlari u Fransua Fiyon parlament deputati va senatori bo‘lgan vaqtlarda uning yordamchisi sifatida ishlagani sabab olib borilmoqda. OAVning aniqlashicha, Fiyonning xotini aslida hech qanday ish qilmagan bo‘lsa-da, muntazam maosh olib turgan.

Avvalroq, Fiyon va uning xotiniga sudning chaqiruv qog‘ozlari taqdim etilgani, ular mart oyi o‘rtalarida sud majlisida qatnashishlari lozimligi ma'lum bo‘lgan edi. Fiyon bu tergovni «siyosiy qotillik» deb atadi.

U tergovchilarga barcha haqiqatni ma'lum qilishga va'da berib, surishtiruv ishlari uning aybsiz ekanini tasdiqlashiga umid bildirdi.

Fiyon jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, saylov poygasida uchinchi o‘rinda ketmoqda.

Saylovning birinchi turi 23 aprel kuni o‘tkaziladi. Saylovda yana ikki asosiy nomzod bor: «Milliy front» partiyasi vakili Marin Le Pen va mustaqil nomzod Emmanuel Makron.

Top