12:46 / 03.03.2017
5889

Maldiv hukumati orollaridan birini 99 yilga ijaraga berishi mumkin

Maldiv respublikasi hukumati orollaridan birini Saudiya Arabistoniga 99 yilga ijaraga berishi mumkin, deb yozmoqda Times of India nashri.

Gap Faafu atolli haqida bormoqda. U 18ta orolchalardan tashkil topgan bo‘lib, ularda 6 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. Atoll 2014 yilda qabul qilingan maxsus iqtisodiy hududlarga doir qonun negizida ijaraga berilishi mumkin. Mazkur qonun xorijiy kompaniyalarga atollarni 99 yilga yoki cheklanmagan muddatga ijaraga berishga ruxsat beradi. Cheklanmagan muddatga ijaraga olish uchun kompaniya respublikada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi hamda uning 51 foizi mamlakat fuqarosiga tegishli bo‘lishi lozim. 

Rasman bu rejalarni ikki mamlakat hukumatlari tasdiqlagani yo‘q. Biroq, avvalroq, Maldiv prezidenti Abdulla Yamin Saudiya Arabistonining atolldagi "loyihasi" haqida so‘z yuritgan edi. Davlat rahbari yer sotilmasligi, batafsil ma'lumot berilmasligini esa muzokaralar davom etayotgani bilan izohlagandi. 

Maldiv OAV ma'lumotlariga ko‘ra, loyihaning o‘zi orollarda qayta qurish ishlarini olib borish orqali atollni yirik elita turarjoylari joylashgan hududga aylantirishni ko‘zda tutadi. Bu yerda sayyoradagi eng badavlat insonlar istiqomat qilishlari va dam olishlari mumkin bo‘ladi. Ijaraga berish haqidagi xabarlar Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz al Saudning mintaqa mamlakatlariga tashrifi doirasida respublikaga kelishi arafasida paydo bo‘ldi. Bu o‘z navbatida muxolifatning keskin noroziliklarini keltirib chiqardi. 

Xususan, Maldiv demokratik partiyasi vakili, respublikaning sobiq TIV rahbari Ahmad Nasim Times of India nashriga bergan izohida hukumat atollni ijaraga berish borasida aholi fikrini o‘rganmaganidan noroziligini bildirgan. 

Nashrning qayd etishicha, atollning Saudiyaga ijaraga berilishi ehtimoli Hindiston hukumatining ham xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Chunki, bu Ar Riyodning Hind okeanidagi ta'sirini kuchaytiradi. 

Top