10:00 / 06.03.2017
21811

Amerikalik general: AQShga tanklar kerak, xuddi Rossiyanikidek

Amerikalik iste'fodagi general Uesli Klarkning fikr bildirishicha, AQSh Qurolli kuchlari modernizatsiya bobida Rossiya va Xitoydan ortda qolmoqda. U AM 970 radiosi efirida shu haqida gapirgan.

Uning qayd etishicha, keyingi o‘n yillikda Pentagon Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar uchun zarur qurollarga pul sarfladi. AQSh vertolyotlar, samolyotlar va o‘q-dorilar sotib olish uchun xarajat qildi.

Rossiya esa bu vaqtda zirhli texnikalarning yangi avlodini yaratdi. Klarkning so‘zlariga ko‘ra, bu amerikalik harbiylarda tashvish uyg‘otmoqda.

"Rossiyada asosiy jangovar tank T-14 bor. Bu qattiq himoyalangan va ekipaj himoyasi ta'minlangan tankdir. Bu tankda bizning tanklarda yo‘q jihatlar mavjud. Bu biz 2030 yilgacha ega bo‘lishni rejalashtirgan tankdir. Bizga xuddi shunday tanklar kerak", degan general.

U shuningdek, Rossiyaning raketaga qarshi mudofaa tizimi, jumladan S-400 zenit-raketa majmuasi imkoniyatlarini yuqori baholagan.

"Bunday tizim joylashtirilgan hududlarda endi AQSh muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Uni aylanib o‘tishning imkoni yo‘q", deya qayd etgan Klark.

General amerikaliklarning dronlari rossiyaliklarning radioelektron kurashdagi vositalari qarshisida ojiz ekaniga e'tibor qaratgan.

"Biz murakkab texnik tizimlar yaratdik, ammo ularning alohida zaifliklari mavjud", — degan u.

Generalning fikricha vaziyatni o‘nglash uchun qurolli kuchlarga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top