10:58 / 06.03.2017
33959

Farg‘ona viloyatida o‘z joniga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan ayol va uning 2 yoshli farzandi hayoti saqlanib qoldi

Illyustrativ foto

2017 yil 3 mart kuni soat 10:50larda, Qo‘shtepa tumani IIB huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘linmasi boshlig‘i mayor Davlat Daminovga tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar kengashi raisi Muhabbat Mo‘ydinova qo‘ng‘iroq qilib, Do‘rmon qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tgan katta Farg‘ona kanalining o‘ng tomonida bir nafar ayol kishi qo‘lida voyaga yetmagan farzandi bilan o‘ychan ahvolda o‘tirganligini, hozirda uning oldiga borayotganligi haqida xabar bergan, deb yozadi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur xabardan so‘ng, mayor D.Daminov zudlik bilan M.Mo‘ydinova aytgan joyga yetib borganida, kanal qirg‘og‘ida o‘tirgan ayol o‘z joniga suiqasd qilib, qo‘lidagi voyaga yetmagan farzandi bilan birga o‘zini kanalga tashlab yuborgan. 

Shu vaqtda yo‘lovchilar Qo‘shtepa tumani Langar qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar Abduhamid G‘ulomov va Azizjon Bo‘tayevlar ularni qutqarish uchun o‘zlarini suvga tashlashgan. Ularni ortidan mayor D.Daminov ham suvga tashlab cho‘kib ketayotgan  ayolni va uning voyaga yetmagan farzandini qutqarishga xarakat qilib, bolani qutqarib olib, suvdan chiqarib, qirg‘oqda turgan yo‘lovchi fuqaro Abdurahim Hoshimovga bergan. So‘ng esa ortiga qaytib uning onasini qutqarish uchun harakat qilayotgan fuqarolar bilan birgalikda ayolni ham qutqarib qirg‘oqqa olib chiqqan.  Mayor D.Daminov ayol va uning farzandiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, xizmat avtomashinasida Qo‘shtepa tumani Langar qishlog‘ida joylashgan shifoxonaga olib borgan.

Ichki ishlar xodimining va fuqarolarning hushyorligi tufayli ona-bolaning hayoti saqlanib qolindi.

Hozirda 1994 yilda tug‘ilgan ayol va uning 2 yashar farzandining ahvoli qoniqarli holatda.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Top