21:53 / 06.03.2017
9659

Saakashvili Ukrainaning "dohiysi" bo‘lmoqchi

Gruziyaning sobiq prezidenti, Ukrainaning Odessa viloyati sobiq gubernatori Mixail Saakashvili LIGA.net portaliga bergan intervyusida yangi Ukrainaga "asos solgan dohiy"laridan biri bo‘lishiga umid qilishini aytdi. 

"Ulardan biri bo‘lish men uchun katta sharaf", — degan siyosatchi hamda "qachonlardir Jyefferson, Vashington yoki Hamilton AQShni barpo etganidek" Ukrainani barpo eta oladigan odamlarni qidirayotganini ta'kidlagan.

Saakashvili o‘zining yaqinda tashkil etilib, ro‘yxatdan o‘tgan "Yangi kuchlar harakati"ga ko‘p narsani bog‘lamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi Kiyev ma'muriyati mamlakatni o‘zgartirish imkoniyatini boy bergan. "Yanukovich hukumatidan farqli o‘laroq, Poroshenko va Yatsenyuk qanday qilib yaxshiroq qilishni bilishadi, ammo qasddan amalga oshirishmayapti", — deb qo‘shimcha qilgan Gruziyaning sobiq rahbari. 

Saakashvilining fikricha, prezident Pyotr Poroshenko "nimadir va'da qilish"ni ham to‘xtatib, "media ustidan nazoratni o‘rnatish" bilan shug‘ullana boshladi. 

2016 yil noyabrida Mixail Saakashvili Ukrainaning Odessa viloyati hokimi lavozimini tark etgan edi. U o‘z qaroriga Ukraina hukumatining korrupsiyaga qarshi kurashishni xohlamayotganini vaj qilib ko‘rsatgandi. 2017 yil fevral oyida Ukraina adliya vazirligi "Yangi kuchlar harakati" partiyasini ro‘yxatga oldi. Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, bu harakat mamlakatda yangi siyosiy toifani shakllantiradi va Ukrainani "buyuk davlat"ga aylantiradi. 

Shu bilan birga, Saakashvilining vatani Gruziyada 2013 yilda unga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid
Top