09:26 / 06.03.2017
7243

Sanches «Liverpul»ga qarshi o‘yinga nega asosiy tarkibga kiritilmagani ma'lum. Vaziyat jiddiy

«Arsenal» hujumchisi Aleksis Sanches Angliya chempionatining 27-turida «Liverpul»ga qarshi kechgan va 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan uchrashuvning boshlang‘ich tarkibidan o‘rin olmagandi. The Telegraph xabariga ko‘ra, chililik futbolchi o‘yindan bir necha kun oldin o‘z jamoadoshlari bilan janjallashib qolgandi.

28 yoshli ushbu futbolchi jamoaning mashg‘uloti paytida maydonni tark etgan. Shundan so‘ng boshqa futbolchilar va Aleksis o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.

Shu tufayli jamoa bosh murabbiyi Arsen Venger «Liverpul»ga qarshi o‘yinda Sanchesni zaxirada qoldirishga qaror qilgan. U tanaffusdan keyin maydonga tushirildi va o‘yinni butunlay o‘zgartirib yubordi. Arsen Venger esa o‘yindan keyin buni taktik yurish sifatida baholagandi.

Sanchesning «Arsenal» bilan amaldagi shartnomasi 2018 yilning yoziga qadar tuzilgan. Jamoa yetakchi futbolchisiga yangi shartnoma taklif qilib, uning haftalik maoshini hozirgiga nisbatan (130 ming yevro) 50 ming yevroga oshirishni rejalashtirmoqda. Ammo Aleksisning o‘zi 250 ming yevrodan kam haftalik maoshga rozi bo‘lmayapti.

Ayni vaqtda ushbu futbolchiga «Manchester Siti», «Yuventus», «PSJ» va «Inter» kabi jamoalar qiziqish bildirishmoqda. «Arsenal» esa u ketgan taqdirda, uning o‘rnini Lyakazett, Roys va Andre Silva kabi futbolchilardan biri bilan to‘ldirmoqchi.

Top