10:28 / 06.03.2017
36310

O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston hukumati Tojikiston Respublikasi tog‘li hududlarida ro‘y bergan katta qor ko‘chkilari oqibatida nafaqat iqtisodiy zarar yetkazgan, balki insonlar halok bo‘lishiga olib kelgan tabiiy ofatdan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish haqida qaror qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qo‘shni mamlakat xalqiga yuborilayotgan insonparvarlik yordamining umumiy hajmi qariyb 60 tonnani tashkil etadi. Uning tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlar bor. 

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga insonparvarlik yordamini shakllantirish, uni Tojikistonga yetkazish va topshirish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi. 

"O‘zbekistonning Tojikistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an'analarining yana bir amaliy ifodasidir", deyiladi xabarda. 

Top