15:52 / 06.03.2017
21726

O‘zbekiston va Turkmaniston Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va yana bir qator hujjatlarni imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ashxobodga tashrifi doirasida oliy darajadagi turkman-o‘zbek muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim «Saljuq xon» zalida o‘tkazildi. Prezidentlar Gurbanguli Berdimuhamedov va Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston va O‘zbekiston respublikalari o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Qo‘shma bayonot imzolashdi.

Shuningdek, prezidentlar guvohligida 2018—2020 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, Madaniy-gumanitar sohada 2017—2019 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hamkorlik dasturi va Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017—2018 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Shuningdek, Xorazm va Toshhovuz viloyatlari hamda Lebap va Buxoro viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

Davlat rahbarlari 7 mart kuni Turkmanistonning Lebap viloyatiga tashrif buyurishadi. U yerda Turkmanobod-Forob avtomobil va temir yo‘l ko‘prigining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Turkmaniston Temiryo‘l transporti vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda «Turkmanximiya» davlat konserni O‘zbekiston korxona va tashkilotlari bilan bitimlar imzoladi.

Top