17:23 / 07.03.2017
8739

London mo‘'jizalarga ishonmaydi

Bugun Yevropa chempionlari ligasi 1/8 final javob uchrashuvlariga start beriladi. Birinchi uchrashuvda deyarli barcha masalaga oydinlik kiritib bo‘lgan «Bavariya» «Arsenal» mehmoni bo‘ladi. Tribuna.Uz uchrashuv oldi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

 

ARSeNAL – BAVARIYa (8 martga o‘tar kechasi, 00:45, Match! Futbol 1)
Germaniyada bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvda mezbonlar yirik hisobda g‘alaba qozondi. Jamoa keyingi bosqich masalasini deyarli hal qilib ulgurgan. Endi «Arsenal» bu farqni yo‘qotishi uchun mo‘'jiza ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Qiziq ma'lumotlardan biri, 80 marta shunday natija qayd etilganidan faqat bittasida birinchi uchrashuvda mag‘lub jamoa javob uchrashuvida vaziyatni o‘nglay olgan, 1986 yilda «Real» Myonxengladbaxning «Borussiya» klubini 4:0 hisobida yutgan va keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qilgan.

O‘yindan oldin
Arsenal

«Arsenal» ko‘rinishidan o‘zining eng qiyin davrlaridan birini o‘tkazmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Arsen Vengerning natijalari sabab unga nisbatan bosim keskin ravishda oshgan. Jamoa APLning so‘nggi bo‘lib o‘tgan uchrashuvida «Liverpul»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va YeChL hududidan pastga tushib ketdi. Uchrashuvda asosiy tarkibga kiritilmagan Aleksis Sanches jamoadagi sheriklari bilan urushib qolgani aytilmoqda. Katta ehtimol bilan futbolchi yozda jamoani tark etadigan bo‘lib turibdi. Shunday qiyin vaqtlarda jamoadan eng kamida 4:0 hisobidagi g‘alabani kutish juda qiyin.

Bavariya
Karlo Anchelotti shogirdlari so‘nggi vaqtlarda ajoyib o‘yin ko‘rsatishni boshladi. Jamoada g‘oliblik ruhi yuqori ekani ko‘zga tashlanmoqda. Myunxenliklar 16 uchrashuvdirki mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishmoqda. Shularning 12tasida ular g‘alaba qozonishgan. So‘nggi turda jamoa «Kyoln» mehmoni bo‘lib raqiblari darvozasiga javobsiz uchta to‘p yo‘lladi. Umuman so‘nggi uchrashuvlarda Anchelottining hujum chizig‘i ancha sermahsul fubol ko‘rsatishmoqda. Oxirgi 5ta uchrashuvda jamoa 20ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, jamoa faqatgina ikki uchrashuvda «Emireyts»da gol kirita olmagan.

Taxminiy tarkiblar:
«Arsenal»: 
13. Ospina, 18. Monreal, 6. Koselni, 20. Mustafi, 24. Belerin, 29. Chaka, 34. Koklen, 7. Sanches, 17. Ayuobi, 15. Oksleyd-Chemberlen, 12. Jiru.
«Bavariya»: 1. Noyyer, 13. Rafinya, 8. Martines, 5. Hummels, 18. Bernat, 6. Alkantara, 14. Xabi Alonso, 32. Kimmix, 10. Robben, 9. Levandovski, 25. Myuller.

Yo‘qotishlar
Venger oldida tarkib borasida har doim muammolar bo‘lib kelgan. Aaron Remzi va Santi Kasorlaning uzoq muddatga safdan chiqqan. Endilikda «Bavariya»ga qarshi javob uchrashuvini yana bir yetakchi Mesut O‘zil ham o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. «Bavariya» tarkibida jarohati sabab Jyerom Boateng maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Frank Riberining ham asosiy tarkibga kiritilishi so‘roq ostida turibdi. Katta ehtimol bilan fransuz ikkinchi bo‘limda maydonga tushiriladi.

O‘yinoldi fikrlar

Arsen Venger («Arsenal» bosh murabbiyi):
«Bu uchrashuvdagi yagona ustunligimiz bizda boshqa tanlovning yo‘qligi. Yo‘qotadigan hech narsamiz qolmagan. Tanmasdan hujum qilishimiz va gollar kiritishimiz talab qilinadi. «Arsenal» mana to‘rtinchi marotaba Yevropaning yoki eng kuchli, yoki ikkinchi kuchli jamoasi bo‘lib kelayotgan «Bavariya»ga qarshi to‘qnash kelmoqda. Amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan vazifa juda murakkab. Biz hujumlar evaziga o‘zimizga imkoniyat yaratishni istaymiz. Ammo uchrashuv qanday yakunlanishidan qat'i nazar biz qo‘limizdagi bor barcha qartalarni o‘yinga tashlaymiz va 90 daqiqa maksimal kuch sarflagan holda o‘yin olib boramiz».

Karlo Anchelotti («Bavariya» bosh murabbiyi):
«Ustunlik biz tomonda. Shunga qaramay futbolchilar bor-e'tiborini shu o‘yinga qaratgan. Ular o‘yin biz uchun murakkab boshlanishi mumkinligini yaxshi bilishadi. Shunchaki maydonda qanday o‘ynash kerakligini o‘zimiz uchun aniqlab olishimiz kerak. Hozir juda yaxshi sport formasidamiz. Barcha kuchga to‘lgan holatda tayyor bo‘lib turibdi. Yaxshi futbol ko‘rsatishga harakat qilamiz. O‘zimizning haqiqiy futbolimizni ko‘rsatib natijaga erishmoqchimiz».

Top