Toshkent shahrida Eron Islom Respublikasi, Ummon sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi bitim (Ashxobod bitimi) doirasida tuzilgan ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilning 23 aprelida 2011 yilning 25 aprelida Ashxobodda imzolangan bitim kuchga kirgandi.
Transport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida yuklarni tashish tezligini oshirishga, shuningdek rasmiy hujjatlar, tartib-qoidalarni osonlashtirish va uyg‘unlashtirishga imkon yaratadigan ushbu bitimni yuqorida nomi keltirilgan 4 davlatdan tashqari Fors ko‘rfazidagi Qatar ham imzolagandi. Ammo 2013 yilda Qatar ushbu loyihadan chiqishini ma'lum qildi. 2014 yilning avgustida Ummon poytaxti Maskat shahrida O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston va Ummon TIV rahbarlari transport yo‘lagini yaratish bo‘yicha bitimning amalga oshirilishi bo‘yicha memorandum tasdiqlandi.
Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi hamda Ummon dengizi portlari o‘rasidagi tovarlarni uzluksiz tashishga va tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagini yaratishga yo‘naltirilgan bu loyiha tashabbuskori O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bo‘lgandi. U 2010 yilning oktabrida Ashxobodga rasmiy tashrifi vaqtida ushbu tashabbusini bildirgandi.
Bugungi uchrashuvda tomonlar kelishuv ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlar hududlaridagi asosiy transport yo‘nalishlari haqidagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqishgan.
"Tomonlar bir oy muddat ichida depozitariyga (Turkmaniston) ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida tasdiqlash uchun qator takliflarni taqdim etishi lozim", — deyilgan xabarda.
Gap, xususan, avtotransport vositalari uchun "yashil yo‘lak" tashkil etish, yuklarni saqlash va yuklash uchun qulay sharoit va samarali sxemalarini yaratish hamda dengiz portlari prichallaridan foydalanish haqida boradi.
Yig‘ilish ishtirokchilari kelishuv doirasidagi portlar hamda chegara o‘tkazish punktlaridagi yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlar haqidagi ma'lumotlarni tinglashgan. Tomonlar shuningdek, "Markaziy Osiyo — Fors ko‘rfazi" yo‘lagiga kiruvchi avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlari ro‘yxatini tasdiqlash uchun ishchi guruhi qo‘mitasiga taqdim etishga kelishishdi.
Tranzit yo‘lagi raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish, shuningdek, kelgusida yo‘lak orqali tashiladigan tranzit yuklari hajmini oshirish maqsadida temir yo‘l orqali tashish tariflarini birxillashtirishga kelishib olingan.







