Iqtisodiyot | 15:47 / 07.03.2017
21327
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina O‘zbekistonga tovarlar yetkazib berishdagi eng asosiy muammolarni ma'lum qildi

Ukrainadan O‘zbekistonga va mintaqaning boshqa davlatlariga yuklarni yetkazib berishda muqobil yo‘nalishdan foydalanishning eng zaif bo‘g‘ini Kaspiy dengiz orqali yuk tashuvlaridir, deb xabar qilmoqda Sputnik Ukrainaning Toshkentda joylashgan elchixonasidagi manbaga asosan.

Uning fikricha, har ikki tomon Yevropa va Ukrainadan Markaziy Osiyo davlatlariga tovarlar yetkazib berishda muqobil yo‘l faoliyati imkoniyatlarini kengaytirish va yaxshilash bo‘yicha birgalikda ishlashi darkor. 

"Bugungi kunda Kaspiy dengizi – Ukraina-MA muqobil yo‘nalishidagi eng murakkab joylardan biri. Bunga uch sabab bor. Birinchisi – kemalarning yetishmasligi, ikkinchisi – ob-havo sharoiti va uchinchisi – Aqtau portidagi quvvatlarning kamligi. Biz bu muammoni o‘zaro harakatlar yordamida hal qilishdan manfaatdormiz", - deya ta'kidlab o‘tgan suhbatdosh.

Uning fikricha, muqobillikni rivojlantirish kerak, sababi kelajakda bu yo‘ldan katta hajmda tovarlar olib o‘tilishi mumkin.

"Bundan tashqari, bu yo‘nalishni o‘zlashtirish Ukraina uchun juda istiqbolli. Sababi Qirg‘iziston orqali temir yo‘lni qurish rejalarini amalga oshirish orqali tashishlar hajmi ortib boradi. Aynan shuning uchun bu yo‘nalishga alohida qiziqish bor, hamda O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini ishlatgan holda yo‘nalishlardan qanday qilib foydalanish mumkinligi muhokama qilinadi", - deya xulosa qilgan manba.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston-Turkmaniston-Kaspiy dengizi-Janubiy Kavkaz yo‘nalishida transport yo‘lagi tashkil qilish orqali, Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa mamlakatlarning Qora dengizdagi portlariga chiqish imkoniyati masalasini ham muhokama qilishdi.  

Mavzuga oid