O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning taklifiga binoan 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Ularda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Qo‘shma bayonotni, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati, temir yo‘l transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanobod shahriga borishdi. Bu shahar yaqinida Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Avtomobil ko‘prigining uzunligi - 1600, temir yo‘l ko‘prigining uzunligi - 1750 metr. Ularni qurishda turkmanistonlik va ukrainalik quruvchilar ishtirok etgan, Germaniya, Norvegiya texnologiyalaridan foydalanilgan.

Prezidentlar ko‘priklar oldidagi maydonda tashkil etilgan o‘zbek va turkman amaliy san'ati namunalari, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.

Shavkat Mirziyoyev mazkur ko‘priklar mintaqa uchun geostrategik ahamiyatga ega ekanini qayd etar ekan, O‘zbekistonda ham transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, o‘tgan yili qurilgan Angren – Pop temir yo‘li Markaziy Osiyoni Xitoy bilan temir yo‘l orqali bog‘laganini alohida ta'kidladi. O‘zbekiston va Turkmaniston temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashib, qayta tiklanayotgan Buyuk ipak yo‘lining muhim bo‘g‘inini tashkil etadi, mintaqa rivoji va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.