O‘zbekiston | 19:15 / 08.03.2017
53663
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonga O‘zbekiston gumanitar yordami yetib bordi (foto)

2017 yilning boshlanishi Tojikiston uchun ancha qorli keldi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida mamlakatning tog‘li tumanlarida kuzatilgan kuchli qorlar oqibatida yirik qor ko‘chkilari sodir bo‘ldi. Ularning soni Tojikistonning butun hududi bo‘ylab 500dan oshdi. Afsuski, tabiiy ofat oqibatida nafaqat iqtisodiy zarar yetdi, balki insonlar ham halok bo‘ldi.

Tojikistonning yaqin qo‘shnisi va qardosh davlat bo‘lgan O‘zbekiston ushbu mamlakat hukumatining tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosiga birinchilardan bo‘lib javob qaytardi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, qisqa muddatlar ichida 60 tonnadan ortiq gumanitar yuk shakllantirildi va Tojikistonga jo‘natildi, deb yozadi O‘zA.

Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlar ortilgan yuk mashinalari kolonnasi 7 mart kuni erta tongda Surxondaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Uzun tumaniga yetib bordi. 

Gumanitar yukka O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komil Aripov boshchiligidagi delegatsiya hamrohlik qildi. Bu yerda ularni Uzun tumani hokimiyati vakillari, o‘quv muassasalari xodimlari, yoshlar, mehnat faxriylari kutib oldi. Ular O‘zbekiston rahbariyatining qo‘shni mamlakatga yordam ko‘rsatish haqidagi tashabbusi o‘z vaqtida bo‘lganini qayd etib, delegatsiyaga oq yo‘l tilashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi “Sariosiyo” chegara punktidan o‘tib Tursunzoda shahriga yetib keldi. Bu yerda uni Tojikiston Respublikasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Qo‘mitasi raisi Nazarzoda Rustam, qo‘shni mamlakatning boshqa vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov kutib oldilar. Kerakli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng, yuk mashinalari poytaxt Dushanbega gumanitar yordamni tushirish uchun yo‘l oldi.

Gumanitar yuk yetkazilgan Tojikiston Respublikasining davlat xaridlari bo‘yicha Dushanbedagi oziq-ovqat omborida jurnalistlar uchun qisqa brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komil Aripov matbuot vakillari oldida chiqish qilib, bu O‘zbekiston qo‘shni davlatga og‘ir paytlarda yordam qilayotgani bilan bog‘liq birinchi vaziyat emasligini ta'kidlab o‘tdi. O‘zbekiston uch yil avval Tojikistonga yirik hajmdagi gumanitar yukni jo‘natgan. K.Aripovning ta'kidlashicha, bu O‘zbekiston mintaqa bo‘yicha qo‘shnilariga har doim yordam berishga tayyorligini bildiradi.

O‘z navbatida, Tojikiston Respublikasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Qo‘mitasi raisi Nazarzod Rustam Dushanbe qator davlatlar va xalqaro tashkilotlarga mamlakatning tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlariga yordam berishni so‘rab iltimos qilganini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bu iltimosga birinchilardan bo‘lib javob bergan hamda o‘z qo‘shnisiga yordam qo‘lini cho‘zgan.

- Tojikiston hukumati nomidan O‘zbekiston hukumati va rahbariyatiga o‘z vaqtida bizga yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildiraman, - deya ma'lum qildi N.Rustam. – O‘zbekiston FVV va boshqa idoralarining ajoyib ishi katta e'tiborga loyiq. Ular sabab Tojikistonga gumanitar yuk o‘z vaqtida yetkazildi. Rahmat sizga, aziz o‘zbek do‘stlarimiz!

Mavzuga oid