Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, haydovchi va piyodalarga turli qulayliklar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston hududida 2017 yil 1 oktabrdan boshlab tegishli ravishda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishda milliy haydovchilik guvohnomasining, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xolmatjon SAYDALIYeV ushbu yangilik haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Milliy haydovchilik guvohnomasi 1968 yil 8 noyabrdagi Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tavsiyalariga muvofiqlikni ta'minlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil etish maqsadida tayyorlangan. Unda konvensiya talablarida belgilangan majburiy ma'lumotlar lotin alifbosida o‘zbek tilida yozilgan.

O‘zbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan milliy haydovchilik guvohnomasi plastikdan tayyorlanadi. Guvohnoma o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi, qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi mustahkam va mukammal himoya vositalariga ega.

Yangi nusxadagi guvohnomada A, V, S, D, Ve, Se va De toifalari bo‘ladi. Ya'ni Ye toifasi uchga bo‘lindi. Bunda Ve- A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, Se- D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, De- yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi.