18:08 / 09.03.2017
7946

Seulda xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Foto: RIA "Novosti"

Seul politsiyasi Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xega 2016 yilning dekabr oyida e'lon qilingan impichment qonuniyligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudning 10 martga rejalashtirilgan qarori oldidan 8,4 ming xodimni xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida safarbar qildi.

Renxap agentligi ma'lumotiga ko‘ra, sud binosi yonida 360ta avtobusdan iborat to‘siq qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy sud binosi yonida esa o‘nlab kishilar Pak Kin Xe iste'fosini talab qilib yig‘ildi.

Janubiy Koreyada mojaro oktabr oyida, matbuotda Janubiy Koreyaning yirik korporatsiyalari, jumladan Samsung tomonidan davlat rahbariga yaqin bo‘lgan Tsoy Sun Sil tomonidan tashkil etilgan jamg‘armalarga yirik miqdordagi mablag‘larni o‘tkazish evaziga hukumatdan ma'lum bir yengilliklar olgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach avj oldi. Xabarlarga ko‘ra, u hech qanday davlat lavozimlarini egallamay turib, prezident ma'muriyati ishlariga aralashgan hamda yuqori aloqalarini ishga solgan holda manfaat ko‘rgan.

Avvalroq tergovchilar Janubiy Koreya prezidentini poraxo‘rlikda gumonlanuvchi deya atagandi. Pak Kin Xe himoyachilari ayblovlarni rad etdi. Samsung korporatsiyasining haqiqiy rahbari Li Chje Yon ham payshanba kuni bo‘lib o‘tgan ilk eshituvda o‘z aybini tan olmadi.

2016 yilning dekabrida Janubiy Koreya Milliy yig‘ilishi mamlakat prezidenti Pak Kin Xega impichment uchun ovoz berdi. Konstitutsiyaviy sudning impichment qonuniyligi yuzasidan yig‘ilishi 10 martda bo‘lib o‘tadi. Agarda sud impichmentni tasdiqlasa, Pak Kin Xe davlatni boshqarishdan butunlay chetlatiladi va 60 kun davomida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Biroq agarda impichment qonunga zid deb topilsa, Pak Kin Xening Koreya Respublikasi prezidenti lavozimidagi vakolatlari tiklanadi. Ayni damda bosh vazir Xvan Gyo An vaqtinchalik prezident vazifasini bajarmoqda.

Top