Yevropa chempionlar ligasining 1/8 finalidan olgan tarixiy uchrashuv nihoyasiga yetdi. Birinchi uchrashuvda 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan «Barselona» javob uchrashuvida kerakli natijani qo‘lga kirita oldi.

O‘yin Luis Enrike shogirdlarining rejasi asosida boshlandi. Mezbonlar 3-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Rafinyaning uzatmasidan keyin to‘p himoyachining boshidan darvozabon maydonchasi oldida turgan Suaresga kelib tushdi va u bosh bilan to‘pni posbonning ustidan oshirib qo‘ydi.

Bu gol parijliklar jamoasini xavotirga soldi va ular to‘liq himoyaga yotib olishdi. «Barselona» futbolchilari raqibning zich himoyasiga qarshi olis masofadan zarbalar berib o‘yinni davom ettirishdi. Xususan, bahsning 17-daqiqasida Neymarning aylanma zarbasidan keyin to‘p olis ustun yonginasidan o‘tib ketdi.

Birinchi bo‘limga tugashiga 5 daqiqa qolganida «Barselona» ikkinchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi. Suares jarima maydonchasiga uzatma berdi. Inesta raqib himoyachisi Markinos bilan to‘p uchun kurash olib bordi, bu vaziyatda braziliyalik futbolchi to‘pni istalgan tomonga tepib yuborishi mumkin bo‘lgan vaqtda sustkashlik qildi va Inseta chiziq ustida to‘pni tovoni bilan qaytarib qoldi. To‘p Levon Kurzavaga kelib tushdi va buni kutmagan futbolchi o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘lim boshi mezbonlar uchun yana omadli keldi va jamoa penalti ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Inestaning uzatmasidan keyin Neymar chap qanotdan jarima maydonchasiga kirdi, ammo Rabyu uni yiqitdi. Hakam darvoza ortidagi hakam bilan maslahatlashgandan keyin nuqtani ko‘rsatdi. Messi kuchli zarba bilan hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.

Endilikda «Barselona» yana bitta gol ursa, umumiy hisobni tenglashtirib, o‘yinni kamida qo‘shimcha bo‘limlarga ko‘chira olishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi.

O‘tkazib yuborilgan uchinchi goldan keyin mehmonlar jamoasi uyg‘ondi. Oradan 2 daqiqa o‘tib, ular bitta javob to‘pini kiritishlari mumkin edi. Mene o‘ng qanotda Umtitini aldab o‘tdi va jarima maydonchasi uzatma berdi. Kavanining yaqin masofadan bergan zarbasidan keyin to‘p ustunga tegib, maydonni tark etdi.

Bahsning 62-daqiqasida parijliklar baribir raqib darvozasini ishg‘ol qilishdi. Mehmonlar maydon markazida jarima to‘pini o‘yinga kiritayotganida kataloniyaliklar sust harakat qilishdi. Yetkazib berilgan uzatmani Kurzava bosh bilan Kavaniga tashlab berdi. Edinson esa taxminan 8 metr masofadan darvozani ishg‘ol qildi - 3:1.

Endilikda «Barselona» keyingi bosqichga chiqish uchun qolgan yarim soat ichida 3ta gol urishi talab qilinardi. Agar Kavani 64-daqiqada navbatdagi imkoniyatidan foydalana olganida o‘yin taqdiri butunlay hal bo‘lardi. Ammo hujumchi birga-bir vaziyatga chiqib, Ter Shtegenni dog‘da qoldira olmadi. Darvozabon oyog‘i bilan to‘pni qaytardi.