17:16 / 10.03.2017
26249

10 martdan baliq ovlashga vaqtinchalik taqiq qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi O‘zbekiston respublikasi hududida baliqchilik qoidalariga muvofiq, mamlakat tabiiy suv havzalarida baliq resurslaridan ratsional foydalanish maqsadida 2017 yilning quyidagi davrida baliq ovlashga taqiq qo‘yilishi haqida xabardor qildi: 

- 10 martdan 31 mayga qadar Amudaryo va Sirdaryo daryolarida;

- 25 apreldan 10 iyunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalari;

- 16 apreldan 31 mayga qadar mamlakatning boshqa suv havzalarida.

Taqiq davrida barcha baliq ovlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va baliq resurslarini ovlash bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlar suv havzalaridan ov anjomlarini olishlari, omborxonaga topshirishlari va hayvonot hamda o‘simlik dunyosi himoyasi bo‘yicha inspektorlar guvohligida muhrlashlari kerak.

Baliqlarning uvuldiriq sochishi taqiq davrida tabiiy suv havzalarida motorli qayiqlarda harakatlanishga faqatgina hayvonot va o‘simlik dunyosini himoya qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi xodimlari, ov xo‘jaliklarining yegerlik xizmatlariga esa – tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan ruxsat beriladi. 

Bu davrda sport-havaskorlik maqsadida baliq ovlash motorli qayiqlardan foydalanmay turib va 5 donadan ortiq bo‘lmagan qarmoq miqdorida ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy qo‘mitalari Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi inspektorlari bilan hamkorlikda baliq ovlashga qo‘yilgan taqiq davrida o‘g‘rincha ovlash, baliq va baliq mahsulotlarini noqonuniy ravishda o‘tkazish bilan kurashish maqsadida nazorat reydlari o‘tkazadi.

Top