23:05 / 10.03.2017
6975

Erdo‘g‘an: Rossiya va Turkiya Su-24 voqeasi ortidan yuzaga kelgan muammolarni ortda qoldirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Kremlda Putin bilan uchrashuvi yakunidagi matbuot anjumanida Rossiya va Turkiya Su-24 bilan bog‘liq muammolarni ortda qoldirgani haqida gapirgan.

«Biz o‘sha voqea ortidan yuzaga kelgan barcha ig‘voli harakatlar hamda barcha muammolarni yengib o‘tdik», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan muzokaralar davomida ikki davlat barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni normallashtirgan.

«Men hisoblaymanki, bugun biz aloqalarni normallashtirish jarayonini butunlay yakunlaymiz va bu so‘zni boshqa ishlatmaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.

2015 yilning noyabr oyi oxirida Turkiyaning F-16 qiruvchisi Suriya osmoni ustida Rossiyaning Su-24 bombardimonchisini urib tushirgan edi.

Su-24 samolyoti uchuvchisi kapitan Oleg Peshkov katapultadan keyin tirik qolgan bo‘lsada, Lataqiya hududidagi turkman jangchilari tomonidan osmondaligidayoq o‘qqa tutilgach, halok bo‘lgan. Ikkinchi uchuvchi, kapitan yordamchisi, shturman Konstantin Muraxtin esa qutqarilgan. U Turkiya chegarasi buzilmaganini ta'kidlagan va turklar tomonidan hech qanaqa ogohlantirish signallari yo‘llanmagani haqida aytgandi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu harakatga «terrorchilar hamtovoqlari tomonidan orqadan berilgan zarba», deya baho berib, Anqaraga nisbatan bir qator iqtisodiy choralarni kiritgan edi. Shundan so‘ng oylar davomida ikki mamlakat munosabatlari sovuqlashdi.

2016 yil iyun oyi oxirida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bo‘lib o‘tgan voqea uchun kechirim so‘radi  va munosabatlar iliqlashdi.

Top