Prezident “Ark” qo‘rg‘oni majmuasida Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi taqdimotida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi asosida 39 loyiha amalga oshiriladi.
Sayyohlar xavfsizligini ta'minlash, turizmning ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik turizmi va boshqa turlarini taraqqiy ettirish, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) hamda turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, sayyohlik industriyasi obektlarini jadal rivojlantirish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlariga 18,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, gidlar va boshqa xodimlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Viloyatda raqobatbardosh turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqib, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ‘ib qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, sohada reklama-axborot faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabidir.
«Buxoroning ko‘hna va boqiy shahar, deb atalishida katta ma'no bor. Bu yerdagi qadimiy obidalar, osori-atiqalar, xalqimizning betakror qadriyatlari, beqiyos an'analari asrlar osha yashab kelmoqda. Chet elliklarning, tarixshunos va mutaxassislarning ularga qiziqishi doimo yuqori bo‘lgan. Bundan unumli foydalanish kerak», degan davlat rahbari.
Buxoroning qadimiy obidalarini qamrab olgan kichik halqa yo‘lini bunyod etish, yo‘laklarga marmar va ishlov berilgan toshlar yotqizish, bino va yo‘llarning yoritish tizimini zamonaviylashtirish, mehmonxona va inshootlar qurish, ular atrofiga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos daraxt va gullar ekish, mahalliy va chet elik investorlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish yuzasidan zarur topshiriqlar berilgan.
Prezident Buxoro tarixi davlat muzeyi loyihasini ko‘zdan kechirdi.
«Turizm – iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i». Buxoroda tarixiy muzey quriladi
23:07 / 10.03.201715 6954 min








