19:47 / 11.03.2017
19953

“Bolangiz tug‘ilgan kunida bazmu jamshidlar uyushtirib berasizu, 5 ming so‘mlik kitob olib bermaysiz...”

Yaqinda taqdir taqozosi bilan bir maktabda ota-onalar yig‘ilishida ishtirok etib qoldim. Aniqrog‘i onalar majlisida!

65 nafar ona va 3 nafar ota! (Aslida 200 nafar ota-ona kelishi kutilgan ekan) Avval gap bolalarning ko‘p funksiyali telefondan foydalanib, natijada darsda nofaol ishtiroki haqida gap ketgan bo‘lsa, keyingi masala “Ko‘k kit” nomi bilan mashxur jirkanch o‘yin haqida, uni domidan bolalarimizni asrash haqida gap ketdi. 

Pedagog shikoyatini eshiting:

  • • Bolalar dars vaqtida internetdan foydalanib, telegram, whatApp, odnoklassniki.ru orqali bir bir bilan muloqotlashib o‘tiradi
  • • 6-sinf o‘quvchini telefoni xotirasidan pornografik suratlar chiqadi
  • • Hamma bolalar maktabga quloqchinlarda keladi (musiqa eshitish uchun)
  • • Uyga vazifa bajarilishi kam
  • • Kundalikka ota-ona tomonidan ko‘rilganligini isbotlovchi imzolar yo‘q…

Axir bular….. biz bolamizni maktabga ta'lim olish uchun jo‘natyapmizmi yo bir-birimiz bilan bolalarimizga olib bergan qimmat telefonlar orqali maqtanishyapmizmi?! Kamiga, pedagoglar qaramayapti, degan dashnom ham qilishdi.

Chidolmadim, yig‘ilish oxirida o‘sha pedagogni ayblagan ota-onalarga minbardan savol berdim:

Siz bolangizni dars jadvalini bilasizmi? Qachon tugaydiyu, qachon uyga kirib kelyapti bilasizmi?

Siz bolangiz bilan biron marta o‘tirib dars tayyorlaganmisiz? 

Siz bolangizni telefonini ipidan ignasigacha tekshirib nazoratga olganmisiz?

Sizni bolangiz kimlar bilan do‘st, ularni bilasizmi?

Hamma jim….davom etdim

- Erinmasdan bolangiz payneti uchun 10-20.000 so‘m ishlatasiz, tug‘ilgan kunida bazmu jamshidlar uyushtirib berasizu, haftada 5000 so‘mlik kitob olib bermaysiz?!

- Hech kimdan kam bo‘lmasin deb zo‘r kiyintiramizu, olimpiadaga qatnashgan o‘rtog‘ini gapirsa , qo‘yaver o‘qiganni qaysi biri mashina olibdi, deb bolani buzamiz?!

Kim bolasi bilan har kuni aqalli 15 daqiqa kitob o‘qidi?! Ota keladi, men ishlab charchab keldim, qoch, futbol ko‘raman desa, ona uyda o‘tirib, mayda ishlar charchatti, deb boshqa xonaga kirib serial ko‘rsa, bola o‘rtada bilganini qilsa, qani kelajak?! Qani umidlar!? 

“Ko‘k kit” yutib ketmaydimi?!

O‘zbek degan millatni butun dunyo taniyotgan, bobokalonlarimiz qilgan ishlarni ko‘rib, bizga havas qilayotganlar qancha! Mafkuraviy hujumlar bo‘layotgan zamonda, bolalarimiz ongida filtrni shakllantirish o‘rniga, ularni sust irodali insonlarga aylantirib qo‘ymaylik. 

Bugun bolamizga befarq bo‘lsak, ayni kelajakka qadam qo‘yayotgan muhim jarayonda nishonni xato olsa..bundan yomoni yo‘q! 

Shu yurt, shu millat barchimizniki, uning buguni, ertasi, quvonch va tashvishi ham barchamizga bir! Uning ertangi kuni, albatta, yoshlarning qanday harakat qilmog‘iga bog‘liq. Unutmang!

Jasur Mirzamahmudov

Top