19:33 / 11.03.2017
12389

Qo‘qonda 6 mingdan ortiq kitoblar savdosi tashkil etildi.

Qo‘qon davlat pedagogika institutida “Kitobxonlik bayrami” bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, ta'lim muassasalari vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda xalqimiz ma'naviyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish, tafakkurini kengaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning mutolaaga qiziqishini va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. 

Kitobxonlar bayrami doirasidagi tadbirlarda mamlakatdagi nashriyotlar tomonidan keyingi yillarda chop etilgan mumtoz va badiiy adabiyotlar, ensiklopedik lug‘at va ma'lumotnomalar, bolalar adabiyoti namoyishi va savdosi tashkil etildi. Yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, yosh ijodkorlar uchun mahorat saboqlari, mushoiralar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirda 5200 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

Ushbu tadbirda 4 ta kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Farg‘ona kitob olami” MChJ, “Sharq ziyokori” MChJ, “Qo‘qon kitob savdo” MChJ hamda “Qo‘qon Muzaffar savdo” kitob do‘konlari tomonidan nashriyotlar tomonidan 900 turdagi 6000dan ziyod mumtoz va badiiy adabiyotlar, ensiklopedik lug‘atlar, bolalar adabiyoti va ijtimoiy-siyosiy mazmundagi adabiyotlar namoyish etilib, savdosi yo‘lga qo‘yildi. 

Tadbirda viloyat axborot-kutubxona markazi, xalq ta'limi boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmasi, viloyatdagi barcha oliy ta'lim muassasalari axborot-resurs markazlari tomonidan badiiy kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan 1800 dan ziyod kitoblar xarid qilindi.

Top