12:32 / 11.03.2017
5842

Mo‘ynoqqa toza ichimlik suvi yetkazib berish ishlari to‘rt joyda olib borilmoqda

Foto: Kruz.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvida e'tibor qaratilgan masalalar bugun Mo‘ynoq ahli ko‘z o‘ngida haqiqatga aylanmoqda, deb xabar berdi Kruz.uz.

2016 yilning 10 noyabr kuni videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda Mo‘ynoq tumani studiyasidan hududdagi «Tallio‘zak» mahalla fuqarolar yig‘ini istiqomat qiluvchi Biybixan Utambetova tomonidan ushbu tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashda amaliy yordam ko‘rsatish masalasi ko‘tarilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishining boshlanishi bilan tanishgan edi. Ushbu 101 kilometrlik suv tarmog‘i ishga tushirilgandan so‘ng, bir sutkada 7 ming kub metr suv yetkazib berish va 25 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash imkoni yaratiladi.

Ayni paytda Mo‘ynoq tumaniga toza ichimlik suvi yetkazib berish ishlari to‘rt joyda olib borilmoqda. Jumladan, Qo‘ng‘irot tumanining «Olmazor» MFY hududida nasos stansiyasini to‘siqlar bilan himoyalash ishlari yakunlanib, Mo‘ynoq tumani tomon allaqachon quvur tortish boshlandi. Shuningdek, bu ishlar Qung‘irot tumani «Qangli» OFY hududida ham davom etayotgan bo‘lsa, Mo‘ynoq tumani markazidan Qo‘ng‘irotga va Mo‘ynoq tumanining «Do‘stlik» OFY hududida qizg‘in davom etmoqda.

Shuni ham alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 28 fevral kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi hudud aholisi hayotida tarixiy voqealardan biri bo‘ldi.

Mazkur qarorga asosan tumanda 2017-2018 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish, servis va turizm, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 52,3 mlrd. so‘m, jumladan 990 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan 72 ta loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Buning natijasida 1343ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, tumandagi sobiq “Mo‘ynoq baliq konserva kombinati” hududida 16 gektar va sobiq 5-qurilish boshqarmasi hududida 4,5 gektar, jami 20,5 gektar maydonda elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, suv hisoblagichlari, suv quvurlari, tayyor trikotaj, tikuvchilik va boshqa zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasini barpo etish belgilangan.

Top