21:47 / 12.03.2017
73483

Lola Karimova-Tillayeva: Jahon kinoyulduzlari Mirzo Ulug‘bek haqidagi yangi o‘zbek filmida

Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Facebook'dagi sahifasida yaqin fursatda “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film tomoshabinlar e'tiboriga havola etilishini ma'lum qildi. Mazkur film Lola Karimova-Tillayeva hamda uning turmush o‘rtog‘ining kinoprodyuser sifatidagi ilk loyihasi sanaladi.

Hujjatli film buyuk mutafakkir hamda alloma Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.

Mirzo Ulug‘bek nomi dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Galileo Galiley, Kopernik, Djoanas Kepler kabi buyuk allomalar bilan bir qatorda turadi. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida ilg‘or tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylandi. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrining yetuk olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi.

Alloma tartib bergan yulduzlar jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitobidan atigi 25 soniyaga farqlanadi. Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e'tirof etiladi. Ulug‘bek tomonidan yaratilgan yulduzli osmon xaritasi esa dengizchilar harakatlanishida XIX asrga qadar foydalanilgan.

"Mirzo Ulug‘bek hayotining o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i kechdi. Keng dunyoqarashi va teran fikrlari bilan o‘z davri va zamondoshlaridan ilgarilab ketgan olim, taassufki, jaholat va razolat qurboni bo‘ldi.
Film ssenariysini hozirlash asnosida ko‘p va xo‘b izlanib, bobokalonimiz hayotini tavallud topgan kezlaridan boshlab qayta tiklashga harakat qildik", - deydi Karimova-Tillayeva o‘z izohida.

Film rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev bo‘lib, kartinada Fransiya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Daniya va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. 

Kinokartinani yaratishda Bodlian kutubxonasi (Oksford universiteti), Britaniya muzeyi, Priston universiteti, Griffit rasadxonasi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d’Azur Côte rasadxonasi, Kaliforniya universiteti, Daniyaning The David Collection muzeyi, Oksfordning Ilm-fan tarixi muzeyi, Oksfordning St. John’s kolledji kabi o‘quv yurtlari, muzey va kutubxonalarning bisotidan foydalanildi.

Chet ellik olimlarning aksari aynan Mirzo Ulug‘bek siymosi sabab mamlakatimizga mehr qo‘yganini e'tirof etgan.

Film janr nuqtai nazaridan hujjatli sanalsa-da, unda badiiy vositalardan ham foydalanilgan. S'yomka jarayoniga o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kaskadyorlarni jalb qilingan, o‘sha davrga mos tarixiy liboslarni tanlash va tayyorlashga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Kinokartinada Vinsent Kassel, Armand Assante, Frantsisko Ovalle kabi jahon kinosi yulduzlari suratga tushdi. Ma'ruf Otajonov, Javohir Zokirov, Hoshim Arslonov singari milliy kino ustalarimiz ham o‘z rolini maromiga yetkazib ijro etgan.

Hollivudning “Titanik”, “Olovuddin”, “Gerkules” kabi filmlarga musiqa bastalagan mashhur kompozitori Uolter Afanasev kartina uchun maxsus musiqa yozgan.
Benazir xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek esa filmga o‘zgacha joziba baxsh etgan.

Mavzuga oid
Top