23:23 / 13.03.2017
8855

Back down to Earth! Uik-end eng yorqin lahzalari

Hafta oxiri voqealarga boy bo‘ldi. Yevropa chempionlar ligasida tarixiy g‘alabadan haligacha eyforiyada yurgan «Barselona» chempionatda kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. «Real»ning g‘alabasi esa janjallarsiz tugamadi. Angliyada kubokning chorak final uchrashuvlari o‘tkazildi. Tribuna.Uz shu kabi uik-endning eng yorqin lahzalarini yolga olib o‘tadi.

Back down to Earth!


Ispaniya chempionatining 27-turi ikki yetakchi uchun omadsiz keldi. «Barselona» «PSJ»ga qarshi fantastik kambekda borini tashlab kelgan shekilli, «Deportivo»ga qarshi mehmondagi uchrashuvda kutilgan o‘yinni namoyish etib bera olmadi va mag‘lubiyatga uchradi. Kataloniyaliklar rasmiy sayti bu natija sharh uchun «Back down to Earth!» . Rostan ham bu «Barselona» futbolchilarini yerga qaytib tushishlari uchun xizmat qiladigan o‘yin bo‘ldi.

«Sevilya» ham o‘z uyida kutilmaganda durang qayd etdi. Bundan esa «Real» unumli foydalanib qoldi. Albatta bu safar ham «Real»ning g‘alabasi muhokamalarsiz o‘tmadi. Uchrashuvning dastlabki 20 daqiqaligida Keylor Navas qizil kartochka olib maydonni tark etishi ham mumkin edi. Ammo hakam vaziyatga keskin baho bermadi. «Betis» futbolchisi uni qo‘rqoqlikda aybladi. «Real» esa birinchi to‘p o‘tkazib yuborgan bo‘lishiga qaramay, oxir-oqibat g‘alabani ilib ketishni uddaladi. Bu safar ham Serxio Ramos qutqaruvchi rolini o‘ynadi. Endilikda jamoa bitta kam uchrashuv o‘tkazgan holda «Barselona»dan 2, «Sevilya»dan esa 5 ochko oldinga o‘tib oldi.

YeChLning to‘rtinchi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan «Atletiko» mehmonda g‘alaba qozonib qaytgan bo‘lsa, «Real Sosedad» kutilmaganda o‘z uyida «Atletik»ka imkoniyatni boy berib qo‘ydi. «Vilyarreal» esa «Selta» uyidan o‘ta muhim g‘alaba bilan qaytdi.

Inglizcha g‘urur — «Uembli» sari yo‘l
Angliya kubogida erishiladigan eng mininum vazifa bu — «Uembli»da o‘tadigan to‘qnashuvlargacha yetib borish. Grand jamoalar uchun ham Britaniyaning bosh stadionida to‘p surish katta sharaf sanaladi. Shu boisdan ham Angliyada bu safar asosiy e'tibor chempionat o‘yinlariga emas, kubok uchrashuvlariga qaratildi.

Chorak finalning eng markaziy uchrashuvi endi o‘tkazilsada, qolgan uchta juftlik ham qiziqarli kurashni muxlislarga taqdim etishdi. «Manchester Siti» o‘zining mehmondagi navbatdagi muvaffaqiyati evaziga yarim finalga yo‘l oldi. O‘z navbatida Gvardiola o‘zining kuboklardagi muvaffaqiyatli an'anasini davom ettirdi. Sakkiz mavsum — minimum sakkiz yarim final.

«Arsenal» bu safar ham ertak takrorlanishiga yo‘l qo‘ymadi. Bir taym qarshilik ko‘rsatgan «Linkoln» havaskorlari yanchib tashlandi. «Tottenhem» esa chempionship vakili darvozasiga 6ta javobsiz to‘p kiritdi. Ammo jamoa uchun eng yoqimsiz holat bu Harri Keynning eski jarohatini yangilab olishi bo‘ldi. Katta ehtimol bilan londonliklar yetakchisi mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi.

Shuningdek APL doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Liverpul» katta qiyinchiliklar evaziga g‘alaba qozongan bo‘lsa, turnir jadvalining quyi qismida kechayotgan kurash yanada avj oldi

Yana «Yuventus» va yana hakamlar


Italiyada «Yuventus»dan chempionlikni tortib olish uchun butun boshli hakamlarni almashtirish kerak degandi, «Milan» rahbarlaridan biri. Afsuski chempionatda bu safar ham hakamlarning xatosi «Yuventus» foydasiga ishladi. Turning markaziy uchrashuvida «Milan»ni qabul qilgan Allegri shogirdlari hakam belgilagan penaltidan so‘ng, 97-daqiqada uni aniq amalga oshirib g‘alabani ilib ketdi. Bundan norozi bo‘lgan milanliklar esa alamini stadion yechinish xonasidan olishdi.

Umidini so‘ndirmayotgan «Roma» va «Napoli» esa bu turda g‘alabali yurishini davom ettirdi. Ammo «Inter»ning bu mavsum kashfiyoti «Atalanta» ustidan qozongan g‘alabasi, yuqoridagi ikki jamoani sergaklantirgani aniq.

«Bavariya» va boshqalar


«Germaniya chempionati shunday musobaqaki, unda 18ta jamoa qatnashadi va oxiriga 10 tur qolganida «Bavariya» chempionlikni naqd qilib qo‘yadi». Futbol olamidagi eng mashhur iboralardan birining bu kabi remiks variant joriy mavsumda ishlamaydigandek ko‘ringandi. Ammo so‘nggi turlarda barchasi o‘sha eski holiga qaytdi.

«Bavariya» o‘z uyida YeChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan «Ayntraxt»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu uchrashuv Robert Levandovski uchun klub safidagi yubiley gol sifatida ham yodda qoldi.

Ta'qibchi rolini o‘ynayotgan «Leyptsig» esa «Volfsburg»ni qabul qilib, kutilmaganda imkoniyatni boy berdi. Bu imkoniyatdan «Borussiya» ham foydalana olmadi. Tuxel shogirdlari «Herta» uyida mag‘lubiyatni tan olishiga to‘g‘ri keldi.

Relsi izdan chiqqan «Nitstsa» va barqaror yetakchilar
«Nitstsa» YeChL uchun yo‘llanma beradigan 3-o‘rinni deyarli hal qilib bo‘lgach, buyog‘iga ochkolarni yo‘qotishni boshladi. Jamoa o‘z uyida «Kan»ga ochko ulashdi. Bundan esa ikki peshqadam unumli foydalanib qoldi. «Monako» chempionlar ligasidagi muhim uchrashuv oldidan juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Og‘ir kechgan uchrashuvda «Bordo» darvozasi ikki marta ishg‘ol qilindi.

Kataloniyada nokautga uchragan «Parij» Fransiyada tezda o‘ziga kelib oldi. Jamoa g‘alaba qozonib, «Monako»ni uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. «Yunayted»dan ketgan Memfis Depay esa «Lion»da feyerik futbol namoyish etishda davom etmoqda. Biroq jamoa YeChL yo‘llanmasidan ancha ortda qolib ketgan. Endi faqatgina Yevropa ligasi orqali bu musobaqada qatnashishni orzu qilishi mumkin xolos.

Shuningdek bu haftada Rossiya chempionatida ham muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Hakamning xatosidan bu yerda «Zenit» qattiq jabr ko‘rdi va «Spartak» bilan o‘rtadagi farq 8tagacha oshib ketdi. Shotlandiyada esa Glazgoning ashaddiy qarama-qarshiligida kuchlar teng keldi.

Top