18:21 / 14.03.2017
13825

Iqtisodiyot vazirligi: Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 122 turdagi mahsulot o‘zlashtirishga taklif etilgan

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 26 dekabrdagi PQ-2698-sonli «2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi qismlar va materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan mahalliylashtirish dasturi tasdiqlangan.

Ushbu dastur doirasida 2017-2019 yillar davomida 3,4 mlrd dollarlik 1146ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish orqali talab yuqori bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish maqsad qilingan.

2017 yilda 960ta loyihani amalga oshirish hisobiga 6,5 trln so‘mga teng mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarilish belgilangan.

Shu bilan birga, 122 turdagi o‘zlashtirishga taklif etilgan mahsulotlar ro‘yxati aniqlangan.

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tarmoq korxonalarining imkoniyatlarini batafsil o‘rganish natijasida, 2017 yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni tashkil qilishga yo‘naltirish hisobiga 1,1 mlrd dollardan ortiqroqqa yoki importni 23 foizga kamaytirish imkoniyati aniqlandi.

Mahalliy xomashyo va resurslardan yanada oqilona foydalanish va eksport salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida mahalliylashtirish dasturiga yangi loyihalarni kiritish bo‘yicha yagona mezon va talablari belgilangan:

- dasturiga kirish uchun talab etiladigan minimal mahalliylashtirish darajasi dasturga kirgan yildan boshlab birinchi yilga 36 foiz, ikinchi yilga 45 foiz, uchinchi yilga 50 foizdan (mashinasozlik va metallni qayta ishlash tarmog‘i mahsulotlariga mos ravishda 36 foiz, 40 foiz, 50 foiz) kam bo‘lmagan miqdorni ta'minlash;
- mahalliylashtirilgan mahsulotlar sof tushumidan eksport ulushi ikkinchi yili 20 foiz, uchinchi yili 30 foiz bajarish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi rasmiy saytidagi «Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishni avtomatlashtirish tizimi» dasturiy kompleksidan foydalangan holda Mahalliylashtirish dasturiga elektron tarzda taklif etilgan loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqishni amalga oshirish joriy etilgan.

Top