09:24 / 14.03.2017
13505

OAV Rossiya Misrga harbiylar va dronlar joylashtirganidan xabar topdi

Foto: © RIA Novosti

Rossiya Misr hududiga kamida 22 nafar harbiy mutaxassisini hamda ko‘plab uchuvchisiz uchish qurilmalarini joylashtirgan. Amerikalik harbiy diplomatlar orasidagi manbalarga asoslanib Reuters agentligining xabar qilishicha, rossiyaliklar Misrning Liviya bilan chegarasi yaqinida. Misr rasmiylari bu ma'lumotni rad etishmoqda, Rossiya tomoni esa munosabat bildirmagan.

Diplomatik manbaning fikr bildirishicha, bu harbiylarning maqsadi Liviya milliy armiyasi rahbari Xalifa Xaftarga yordam ko‘rsatishdir.

O‘zini oshkor etishni istamagan manba rossiyalik harbiylar Liviya bilan chegaradan taxminan 100 km ichkarida, Sidi Barrani aholi punkti hududida joylashgan. 

Xalifa Xaftar 3 mart kuni mamlakatning neftga boy tumanlaridan chekingandi.

Misr armiyasi mamlakatda rossiyalik harbiylar borligini inkor etmoqda.

"Misr hududida hech qaysi mamlakat harbiysi yo‘q. Bu suverenitet masalasidir", deya Misr armiyasi vakili Tamer Al-Rifaining so‘zlarini keltirgan agentlik.

Shuningdek, Rossiya mudofaa vazirligi ushbu axborotga hech qanday izoh bermagan.

Xalifa Xaftar vakillari ham otryadlarga Rossiya tomonidan yordam ko‘rsatilayotgani bo‘yicha ma'lumotni tasdiqlamadi.

Xaftar radikal kuchlarning dushmani hisoblanib, uning boshqaruvidagi jangchilar Bengaziyada IShIDga qarshi kurashgan. U 2016 yilda Moskvada bo‘lgan. O‘tgan yilning iyunida va noyabrida u Rossiya TIV va Mudofaa vazirlari bilan, shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibi bilan uchrashgan. Qo‘mondon bu uchrashuvlarda qurol yetkazib berish masalasi muhokama qilinmaganini bildirgandi. Rossiya BMT embargosi tufayli Liviyaga qurol yetkazib berishi mumkin emas.

Mavzuga oid
Top