13:47 / 15.03.2017
8240

Oqto‘beda erkak ayolni garovga oldi va sobiq xotini bilan uchrashuvni talab qildi

Qozog‘istonning Oqto‘be shahridagi mahalliy stomatologiyada o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida tish shifokorini garovga olgan erkak yo‘q qilindi. U sobiq xotinini olib kelishlarini, aks holda esa asir olgan ayolini o‘ldirish bilan tahdid qilgan, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.
 
Ma'lumotlarga ko‘ra, bu stomatologiyada uning sobiq rafiqasi ishlagan. Hodisa kechki payt yuz bergani sababli, u yerda mijozlar bo‘lmagan hamda juda kam sonli xodimlar qolgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ta'kidlashicha, maxsus tadbir o‘tkazilgan tuman o‘rab olingan va hattoki bu yerga vertolyot ham qo‘ngan.

Oqto‘be viloyati ichki ishlar departamentining xabar berishicha, jinoyatchi 1993 yilda tug‘ilgan bo‘lib, hech qayerda ishlamagan hamda 2016 yilda o‘g‘irlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek qayd etilishicha, hodisadan 3 soat avval u sobiq xotinining ota-onasi uyiga kelgan hamda sobiq qaynonasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. 

"Oqto‘be viloyati IID, Oqto‘be IIB va prokurori jinoyatchi bilan garovga olingan ayolni ozod etish bo‘yicha 5 soat muzokaralar olib bordi. Biroq u talablarni bajarishdan bosh tortdi. Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, voqea joyiga uning qarindoshlari ham kelishdi va qizni qo‘yib yuborishini so‘rashdi. Jinoyatchi bunga javoban uni o‘ldirish bilan tahdid qildi hamda sobiq xotinini olib kelishlarini talab qildi. 5 soatlik muzokaralar hech qanday natijani bermaganini hisobga olib politsiya xodimlari garovdagi ayolni ozod etish bo‘yicha kuch amaliyotini o‘tkazishga qaror qilishdi. Erkak o‘ldirildi, asirlikda ushlangan ayol ozod etildi", - deya aniqlik kiritishdi huquq-tartibot idorasida.

Ushbu holat bo‘yicha ikki modda bo‘yicha sudga qadar surishtiruv ishlari boshlandi.

Mavzuga oid
Top