10:18 / 16.03.2017
5952

Audi firibgarlikda gumonlanmoqda

Germaniyaning Audi kompaniyasi filiallariga qarashli ofislarda yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani boshlanishidan biroz avval tintuvlar o‘tkazildi, deb yozmoqda Die Zeit. Bu kompaniya firibgarlik va noqonuniy reklamada gumonlanayotgani tufayli yuz berdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, tintuvda 80 nafar prokurorlar hamda huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirok etdi. Bu holat matbuot anjumanidan uch soat avval boshlangan bo‘lib, kompaniya xodimlariga tegishli shaxsiy xonadonlar ham ko‘zdan kechirilgan. Shu tariqa, Audi’ning GFRning uch federal yeri: Bavariya, Baden- Vyurtemberg hamda Quyi Saksoniyadagi to‘qqizta ofisi tekshirildi.

Tergovchilarning hisobotiga ko‘ra, gap Audi’ning AQSh bozoridagi xatti-harakatlari haqida bormoqda. Muhandislar Amerika hukumatidan sinov jarayonida atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarning haqiqiy natijalarini yashirishgan. Avvalroq Kaliforniya shtati atmosfera resurslari bo‘yicha boshqarma ekspertlari kompaniya avtomobillaridagi dasturiy ta'minotda maxsus funksiyani aniqlashdi – u zararli moddalarning chiqarib tashlanishi ko‘rsatkichlarini soxtalashtirishda qo‘llanilgan.

Audi rasmiy vakili vaziyatga shunday izoh berdi: «Biz hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, sababi o‘zimiz shunday holatlarni oshkor etishdan manfaatdormiz».

Top