18:33 / 16.03.2017
18858

Sirdaryoda Namangandan kelib talonchilik qilishni rejalashtirgan guruh qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyati Guliston shahri Farhod mahallasida yashovchi fuqaroning uyida bosqinchilik jinoyati sodir qilmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olindi. Sirdaryo viloyati IIB IHHQ va YuTB boshlig‘i J.E.Abramov Kun.uz’ga xabar berishicha, bu guruh Namangan viloyatidan Sirdaryo viloyatiga jinoyat sodir etish uchun kelgandi.

Ma'lum qilinishicha, Namangan viloyatida yashovchi muqaddam sudlangan 4 nafar shaxs niqob taqqan holda, qo‘llariga xo‘jalik qo‘lqoplarini kiyib, tayoq, pichoq va skotchlar bilan qurollangan va uyni tunamoqchi bo‘lgandi. 

Ammo jinoyatchilar o‘z qilmishlarini sodir etayotgan vaqtida Sirdaryo viloyati IIB va Namangan viloyati IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan bu shaxslarga nisbatan Sirdaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 3-qismi bilan 244011/2017-71-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top